Qoraqalpog‘iston Respublikasi Axborot-kutubxona markazida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uyushmaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan “Kitobsevar millat” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Unda hamkor tashkilotlar vakillari, jurnalistlar, kutubxona markazi mutaxassislari hamda bir guruh yosh kitobxonlar ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov so‘zga chiqib, Prezidentimiz tomonidan kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelinayotganini ta’kidladi.

– Biz o‘tgan yili Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan davlat ijtimoiy buyurtmalarini taqdim etish uchun e’lon qilingan tanlovda ishtirok etib, “Aholi, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, barkamol shaxsni tarbiyalashda kitobxonlik madaniyatini oshirish” loyihasi bo‘yicha g‘olib chiqqan edik, − dedi Xolmurod Salimov. – Joriy yil davomida mazkur loyiha doirasida bir qator ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Jumladan, bolalar yosh toifasidan kelib chiqqan holda 10 nomdagi kitobni nashrdan chiqardik. Mazkur uchrashuvda ushbu kitoblarning bolalar tarbiyasidagi o‘rni va ahamiyati  haqida so‘z bordi.

Ta’kidlash joizki, Davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasida chop etish uchun kitoblar tanlanayotganda bolalar qalbiga shodlik, zehniga bilim, orzu-umidlariga esa qanot baxsh etadigan, ularda halollik va to‘g‘rilik, ezgulik va Vatanga muhabbat tuyg‘ularini shakllantira oladigan mavzularga alohida e’tibor qaratildi. Bolalar ijodkorlari Orif To‘xtashning “Shalola”, Abdurahmon Akbarning “Oq qovunning bolasi” she’riy to‘plamlari, Muhabbat Yo‘ldosheva qalamiga mansub “Uchar hammom”, Isoqjon Nishonovning “Sehrgarning uzugi” singari ajoyib ertak va hikoyalardan iborat kitoblari shular jumlasidan.

Loyiha doirasida “Dunyo daholari” rukni ostida chop etilgan kitoblardan o‘rin olgan Stiv Jobs, Muhammad Ali, Leonardo da Vinchi, Motsart, Albert Eynshteyn kabi mashhurlarning hayot yo‘li, olamshumul ixtirolari haqidagi qiziqarli hikoyalar esa farzandlarimizda o‘tkir zehn va teran tafakkur orqali dunyoni zabt etish mumkinligi haqida tasavvur uyg‘otib, ularni hozirdanoq chuqur bilim olishga undaydi. Ayni paytda Uyushma axborot xizmati xodimlari tomonidan yuqoridagi o‘nta kitobning audio varianti ham tayyorlanmoqda.

Tadbirda yaqin vaqt ichida ushbu kitoblar audio variantlari bilan birga mamlakatimizdagi axborot-kutubxona muassasalariga bepul taqdim etilishi ma’lum qilindi.

Uchrashuv yakunida uyushma a’zoligiga qabul qilingan bir guruh qoraqalpog‘istonlik yosh jurnalistlarga a’zolik guvohnomalari topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.