Poytaxtimizdagi “Humo arena” sport majmuasida Aralash jang san’atlari (MMA) bo‘yicha jahon chempionati qiziqarli bahslar ostida o‘tmoqda.

Mazkur chempionatda dunyoning 67 ta mamlakatidan 550 nafardan ortiq sportchi 40 ta vazn toifasida bahslashmoqda. E’tiborli jihati shundaki, ushbu musobaqa vakillarimiz uchun muvaffaqiyatli davom etmoqda.

Jumladan, kechagi bahslarda vazni +97 kg. bo‘lgan hamyurtimiz Ahliddinxon Xo‘jayev 1-raundda italiyalik raqibi Roberto Kelimerini yengib, chorak finalga yo‘l oldi. 88,4 kg. vazndagi Asilbek Muhammadjonov esa norvegiyalik Vebyorn Aurnet ustidan g‘alaba qozonib, o‘z yosh va vazn toifasida 1/4 finalga chiqdi. Vazni toiasi 56,7 kg. bo‘lgan sportchilar orasida hamyurtimiz Firdavs Hayitmatov italiyalik Diyego Jianjirolamini ilk raunddayoq taslim etdi va 1/8 final bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdi.

Shuningdek, o‘z yosh va vazn toifalarida Zafar Rashidov, Olmos Ortiqov, Jamshid Tillayev, Zafarjon Asatov jangga chiqib, zafar quchdi.

Jahon chempionatining shiddatli bahslari o‘tayotgan bir vaqtda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov hamda qo‘mita raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov “Humo arena”ga tashrif buyurib, jarayon bilan yaqindan tanishdi.

Mutasaddilar shu yerning o‘zida Xalqaro aralash jang san’ati federatsiyasi (IMMAF) prezidenti Kerrit Braun bilan uchrashdi. Martabali mehmon barcha tashkiliy ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgani, delegatsiyalar o‘zlarini erkin his qilayotgani haqida gapirib o‘tdi. O‘z navbatida, MOQ rahbariyati bunda davlatimizning qo‘llab-quvvatlashini alohida e’tirof etdi.

Eslatib o‘tamiz, MMA bo‘yicha o‘tayotgan jahon chempionatida 7-8 noyabr kunlari nimchorak, chorak va yarim final janglari bo‘lib o‘tadi. 9 noyabr kuni tantanali ochilish marosimi va soat 16:30 dan boshlab kattalar o‘rtasida final bahslari tashkil etiladi. 10 noyabr soat 16:30 da yoshlar o‘rtasida jahon chempionlari saralanadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA