O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 5 martdagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi A380 “G‘uzor – Buxoro –Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 964—1204 (240) kilometr qismini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani hududida xalqaro ahamiyatdagi A380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lida 240 kilometrli sement-beton qoplamali yangi yo‘l barpo etildi. Bu yo‘l mamlakatimizni Yevropa davlatlari bilan bog‘laydigan strategik avtomagistraldir.
Bu haqda AOKAda tashkil etilgan brifingda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva ma’lum qildi.
Loyihaning umumiy qiymati 383,4 million AQSH dollariga teng bo‘lib, qurilish ishlari 2020 — 2024 yillarda amalga oshirildi. Shundan Osiyo taraqqiyot bankining mablag‘i – 274,9 million AQSH dollarini, O‘zbekiston Respublikasining ulushi esa 108,5 million AQSH dollarini tashkil etadi. Mazkur avtomobil yo‘lining (964–1084 km) 120 km qismini qurish mas’uliyatini Turkiyaning “Polatyol Yapı San. ve Tic. A.Ş.” va Ozarbayjonning “North West Construction” qo‘shma korxonasi o‘z zimmasiga olgan. Mazkur korxonalar bilan 107,6 million AQSH dollariga teng qiymatdagi hamkorlik shartnomasi imzolangan.
Shuningdek, qolgan 120 km (1084 – 1204 km) qismini qurish bo‘yicha yana bir pudratchi Xitoyning “China Road and Bridge Corporation, China Communications Construction Company Third Highway Engineering Co., LTD” va “Sanmenxia City Changtong Road and Bridge Construction CO., LTD” qo‘shma korxonasi bilan 103,8 million dollarlik hamkorlik shartnomasi imzolangan.
Qayd etish lozimki, o‘tgan 2021 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan o‘tgan A380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 964-1204-km (240 km) qismida 2 tasmali sement-beton qoplamali yo‘l qurish ishlari boshlangan edi. 1 va 2-paketda avtomobil yo‘liga 25 sm qalinlikda sement-beton qoplamasi yotqizish, 16 sm qalinlikda sement bilan qum-shag‘al aralashmasi (STB) yotqizish, shag‘al-qum aralashmasidan 37 sm qalinlikda yo‘l asosining ustki qatlamini yotqizish, yo‘l yoqasini mustahkamlash, bo‘ylama va ko‘ndalang choklarni bitum mastikasi bilan to‘ldirish, yo‘l-yotiq chiziqlarini chizish, yo‘l belgilarini o‘rnatish ishlari amalga oshirildi. Bundan tashqari 4 ming 905 dona ogohlantirish ustuni o‘rnatildi, 8 dona qisqa to‘xtab turish maydonchasi qurildi.
Amalga oshirilgan loyihaning asosiy maqsadlaridan biri xalqaro va davlat miqyosidagi avtomobil yo‘llarini xalqaro standartlar va andozalar talablariga mos ravishda yuqori darajadagi sifatli holatga keltirish hisoblanadi. Shu bilan birga, loyiha bo‘yicha yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshib, sement-beton qoplamasi, asfalt-beton qoplamasi bilan taqqoslaganda bardoshli va xizmat qilish davri 25 yilgacha ekanini hisobga olib ta’mirlash va ekspluatatsiya qilish xarajatlari qariyb 2,5 baravar iqtisod qilinadi.
Xalqaro va tranzit yuk tashishlar, shu jumladan yo‘lovchi tashishlar hajmi bir necha barobarga oshirilib, rekonstruksiya qilingan yo‘l qismida halokatli yo‘l-transport hodisalarining soni 2 barobarga kamaytiriladi. Loyiha qismida yo‘lga sarflanadigan vaqt 2,2 barobarga tejalishi, mintaqalar bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning o‘sishi, avtomobil yo‘lining atrof-muhitga salbiy ta’sirini minimallashtirishga erishiladi.
Endi mamlakatimiz hududlaridan xalqaro tashuvlar masofasi 1 ming kilometrgacha, transport xarajatlari esa 25 foizgacha kamayadi. Bu yo‘l yurtimizni Kaspiy va Qora dengiz portlari orqali Yevropa bozorlari bilan ishonchli bog‘laydigan logistika tarmog‘iga aylanadi. Yo‘l jahon standartlariga har tomonlama mos, tekis va ravon. U avvalo xalqimiz, qolaversa, xorijiy turistlar va yuk tashuvchilarga qulay va xavfsiz harakatlanish imkonini beradi.
Yangi yo‘l atrofida 200 dan ziyod savdo-servis ob’ekti va sanoat korxonasi quriladi. Shuning hisobidan dastlab 2 mingta, kelgusida esa yana 5 mingta ish o‘rni tashkil qilinadi. Shu tariqa, Qoraqalpog‘istonda tranzit va boshqa xizmatlar hajmi yiliga 200 million dollarga, mamlakatimiz eksporti esa kamida 300 million dollarga oshishi uchun mustahkam zamin yaratiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA