Joriy yilning 5-10 noyabr kunlari poytaxtimizdagi “Humo arena” sport majmuasida Aralash jang san’atlari (MMA) bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.

Bugun, 4 noyabr kuni “Humo arena” sport majmuasida mazkur chempionatga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston sport vaziri o‘rinbosari Shaxrillo Mahmudov, Xalqaro aralash jang san’atlari federatsiyasi (IMMAF) raisi Kerrit Braun, IMMAF ijrochi direktori Denzin Uayt va boshqalar ishtirok etdi.

Anjumanda Sh.Mahmudov so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda Aralash jang san’atlariga qaratilayotgan e’tibor samarasida mazkur yo‘nalish bo‘yicha iqtidorli sportchilar kamol topayotgani va nufuzli musobaqalarda ishtirok etayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, 5-10 noyabr kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga O‘zbekiston sport vazirligi, mamlakatimiz Aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi va qator tashkilotlar tomonidan munosib tayyorgarlik ko‘rilgani qayd etildi.

Aralash jang san’atlari sport turi bo‘yicha tashkil etiladigan mazkur dunyo birinchiligida 18-21 yosh va 21 yoshdan katta sportchilar o‘rtasida bahslar o‘tkaziladi. Unda dunyoning 67 ta mamlakatidan 550 nafardan ortiq sportchi 40 ta vazn toifasi bo‘yicha chempionlik uchun kuch sinashadi.

Jahon chempionati reglamentiga ko‘ra, 5-8 noyabr kunlari saralash, chorak va yarim final janglari bo‘lib o‘tadi. 9 noyabr kuni soat 16:30 da kattalar o‘rtasida final baxslari tashkil etilsa, 10 noyabr soat 16:30 da yoshlar o‘rtasida jahon chempionlari saralanadi.

– Umuman olganda O‘zbekistonda bir necha bor MMA bo‘yicha nufuzli musobaqalar tashkil etilgan va ular, albatta, yuqori saviyada o‘tkazilgan, – deydi Xalqaro aralash jang san’atlari federatsiyasi (IMMAF) raisi Kerrit Braun. – Bu galgi jahon chempionatiga ham katta qiziqish bildirilmoqda. Ushbu musobaqada iste’dodli yoshlar yanada saralanishiga ishonchim komil. O‘zbekistonda sport sohasi jadal rivojlangan.

Matbuot anjumani so‘ngida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

Javohir Toshxo‘jayev, Oybek Pardayev (surat), O‘zA