Qish oylarida ob-havoning keskin sovib ketishi sababli fuqarolarning isitish tizimlariga bo‘lgan ehtiyoji ortadi. Bunday paytlarda isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida ko‘ngilsiz hodisalar sodir bo‘lishi hamda insonlar is gazidan zaharlanishi mumkin.

Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, xavfsizlik qoidalariga amal qilish, is gazidan zaharlanishning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan ommaviy axborot vositalari hamda blogerlar uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 va 2023 yillar oralig‘ida O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha 421 nafar fuqaro is gazidan zaharlanib vafot etgan. Bu esa qo‘lbola va nosoz gaz isitish moslamalaridan foydalanish,  xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik natijasida kelib chiqmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida jami 1 ming 700 dan ortiq ko‘p qavatli uy bo‘lib, ularning aksariyati Nukus shahrida joylashgan. Jumladan, shaharda 675 ta ko‘p qavatli turar joyning 447 tasi eski, 228 tasi yangidan qurilgan uylar bo‘lib, ularda 24 ming 700 dan ortiq xonadon mavjud.

O‘rganishlarga ko‘ra, fuqarolarning is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq noxush holatlar ilgari qurilgan ko‘p qavatli uylarda, ayniqsa, qo‘lbola va nosoz gaz isitish moslamalaridan foydalangan, mo‘risi tozalanmagan xonadonlarda sodir bo‘lmoqda. Nukus shahrida eski ko‘p qavatli uylarda 15 mingga yaqin xonadon bo‘lib, shu kungacha 2 ming 600 tadan ziyod xonadon egalari yashash joyida bo‘lmagani sababli o‘rganilmagan. Bu ko‘rsatkich sentyabr oyi boshida 6 mingga yaqin edi. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlarining uyma-uy yurib olib borgan profilaktik tadbirlari natijasida 3 ming 400 dan ortiq xonadon egasi aniqlanib, xavfsizlik choralari ko‘rildi.

Tadbirda mutaxassislar tomonidan isitish pechlaridan foydalanish davomida ularning sozligiga doimo e’tibor berish, yoqishdan oldin ularning mo‘rilarini ko‘zdan kechirish, qo‘lbola hamda nosoz isitish moslamalaridan foydalanmaslik, yonilg‘i hamda yonuvchi materiallarni pech oldida qoldirmaslik, isitish pechlarini yopiq holatda qarovsiz qoldirmaslik va ularni nazorat qilishni yosh bolalarga topshirmaslik tavsiya qilindi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar bu borada o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),  

O‘zA.