Orol dengizining ekologik inqirozi nafaqat O‘zbekiston va Qozog‘iston uchun, balki butun dunyo uchun og‘ir muammo bo‘lib kelmoqda. Dengiz qurib borishi natijasida yuzaga kelgan sho‘rxok yerlardan ko‘tarilgan chang va tuzli shamollar millionlab odamlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Aynan shunday sharoitda “Barsa kelmes” Ecomarafoni tabiatni muhofaza qilish, aholini ekologik muammolar haqida ogohlantirish va ularning atrof-muhitga ehtiyotkor munosabatini shakllantirish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan muhim tadbirdir.
Marafon doirasida Orolbo‘yi hududlarida ekologik xabardorlikni oshirishga katta e’tibor qaratildi. Bu jarayonda nafaqat hudud tozalanadi va obodonlashtiriladi, balki kelajak avlod uchun zarur bo’lgan tuproq unumdorligini tiklash, shuningdek, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash choralari ham ko‘riladi.
Joriy yilning 14-15- sentyabr kunlari ,,Sayyoramiz kelajagiga qo’shgan hissamiz ‘’ Shiori ostida bo’lib o’tgan ekomarafonda shaxsan o’zim volontyor sifatida qatnashdim. Ekomarafonda O’zbekistonning turli hududlaridan ,shuningdek, 20 ta davlatdan 500 nafarga yaqin sportchi va faol yoshlar ishtirok etdi. Marafon uch bosqichda : 5 km, 10 km hamda 42 km masofaga yugurish bo’yicha o’tkazildi. Ishtirokchilarga har tomonloma qulay sharoitlar yaratish, tashkillashtiruvchi jamoaga o’z yordamimizni ko’rsatish maqsadida Qoraqalpog’iston Volontyorlar maktabi, Toshkent shahar ,,Solnishko’’ volontyorlar jamoalaridan ko’ngilli 33 nafar yoshlar bilan birgalikda faol ishtirok etdik. Ushbu marafon uchun bizga alohida forma berildi, uch mahal ovqat va transport bilan ta’minladi.
Oromgoh hududini allaqachon Qoraqalpog’istonning ramziy belgisi bo’lib ulgurgan ,, Qora uy”’ lar bilan bezatishdi. Ushbu qora uylar Qoraqalpog’istonning milliy urf-odatlari, kiyimlari va turmush tarzini aks ettiruvchi detallar bilan boyitildi. Marafon tugagach esa ko’plab iste’dodli san’atkorlar tomonidan faol yoshlar uchun konsert dasturlari o’tkazildi
Bundan tashqari, tadbir orqali yosh avlodga ekologik bilimlar yetkazish, ularda tabiatga mehr va mas’uliyat hissini shakllantirish ham muhim maqsadlardan biridir. Mahalliy aholi, maktab o‘quvchilari, talaba yoshlar va boshqa ko’ngillilar ecomarafon faoliyatida ishtirok etdi. Ushbu ishtirok aholining o‘z muhitiga o‘zgarishlar kiritishga bo‘lgan intilishini oshirishga xizmat qiladi va ularni atrof-muhitga zarar yetkazmaslikka chorlaydi.
“Barsa kelmes” nomi tarixiy va ramziy ma’noga ega. Ushbu hudud Orol dengizining shimoliy qismida joylashgan bo‘lib, asosan Orol dengizining chekinishi natijasida hosil bo‘lgan sho‘r cho‘llardan iborat. Qachonlardir dengiz suviga boy bo’lgan bu hudud bugungi kunda suvsizlik va sho‘rlanish natijasida ekologik ofatlar hududiga aylanib qolgan. O‘tmishda bu joyga kelgan kishi ortda qaytmas degan afsona ham tarqalgan, va shu sababli “Barsa kelmes” ya’ni “kelmaslar oroli” deb nomlangan.
Dengiz sathining pasayishi bilan Barsa kelmes cho‘l va tuzli botqoqlikka aylanib borgan. Natijada u yerda yashovchi o‘simliklar, hayvonlar va mikroorganizmlar yo‘qolib ketgan. Bu yerning o‘tmishi bugungi ekologik holatga dars bo‘lishi mumkin, chunki Barsa kelmes nomi aynan atrof-muhit inqirozi tufayli yo‘qolib ketish xavfi ostidagi joylarning ramzi bo‘lib qolmoqda.
Ecomarafon doirasida qator tadbirlar amalga oshirildi. avvalo, hudud tozalanib, atrof-muhitni yaxshilash ishlari olib borildi. Keyingi bosqichda qator davlatlardan ishtirokchilar to’planib yugurish bo’yicha marafon o’tkazildi.
Marafon davomida xalqaro tashkilotlar, ekolog mutaxassislar, va qo‘shni davlatlarning ko‘ngillilari ham ishtirok etib, birgalikda ekologik holatni yaxshilash bo‘yicha bilim va tajribalarini almashdilar. Bu ishtirok nafaqat tajriba almashish, balki xalqaro darajada hamkorlikni kengaytirishga yordam beradi.
“Barsa kelmes” Ecomarafoni Orolbo‘yi ekologik inqirozini bartaraf etishga qaratilgan muhim tadbir hisoblanadi. U atrof-muhitni tiklash, kelajak avlodga sog‘lom tabiat qoldirish uchun zarur bo‘lgan bilim va tajribalarni kengaytirishga xizmat qiladi. Shu tariqa, O‘zbekistonning bu qismi ekologik muhofaza qilish borasida nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan ahamiyatli hududga aylanadi.
Diana Bazarbaeva,
QDU Qoraqalpoq filologiyasi va
jurnalistika fakulteti 4-kurs talabasi
Qoraqalpog’iston axborot agentligi