Davlatimiz rahbari “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonliklardan himoyalash choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova mazkur qonunning ahamiyati haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

– Yangi O‘zbekistonda qilmish va jinoyat uchun jazo muqarrarligi qat’iy ta’minlanmoqda. Xususan, qonunchilikka “oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” kabi tushuncha kiritilib, ushbu huquqbuzarliklar uchun tegishli ravishda ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilandi.

Qonunchilikdagi jinsiy erkinlikka tajovuz qilish jinoyatiga nisbatan og‘irlashtiruvchi holatlar sifatida qaralib, yanada kuchliroq sanksiyalar bilan to‘ldirildi.

Voyaga yetmaganlarga jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxslarning bolalarga ta’lim-tarbiya berishi, bolalar bilan bevosita ishlashi, shu kabi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlandi.

Afsuski, olib borilayotgan sa’y-harakatlarga qaramasdan sohada ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlanmoqda.

Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikka nafaqat voyaga yetgan shaxslar, balki bolalar ham duchor bo‘lmoqda. Ammo amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslarining tegishli moddalari dispozitsiyasida oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikning qurboni er-xotin, sobiq er-xotin, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxs yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxslar bo‘lishi mumkinligi nazarda tutilgan bo‘lib, bunga bolalar kiritilmagan.

Natijada oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikka uchragan bolalarga nisbatan jinoyat ishlarini malakalashda tergov idoralarida turli muammolar yuzaga kelgan.

Albatta, sohadagi mavjud muammo va huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun bilan bolalarni himoya qilishning huquqiy asosi mustahkamlandi.

Yangi qonun 6 ta moddadan iborat bo‘lib, 3 ta kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Birinchi muhim jihat shundaki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi va Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik bilan to‘ldirildi.

Ikkinchi muhim jihati esa, Jinoyat-protsessual kodeksiga oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat ishlari yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi arizani surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida emas, sud muhokamasi paytida berish tartibi joriy qilindi.

Ya’ni, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bo‘yicha jinoyat ishlari yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi ariza faqat ishni sudda ko‘rish jarayonida, sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud maslahatxonaga kirishidan oldin berilishi mumkinligi belgilandi.

Bu nega kerak? Chunki tergov bosqichida er-xotinlarning o‘zaro yarashganligi oqibatida ayblanuvchi tomon jazo muqarrarligini his etmay, bir yil davomida yana qayta zo‘ravonlik sodir etishi holatlari kuzatilmoqda.

2023 yil va joriy yilning may oyiga qadar sodir etilgan 894 ta oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning 55,6 foizi, ya’ni 506 tasi taraflar yarashganligi munosabati bilan tugatilgan. Qolgan 44,4 foizi, ya’ni 388 tasi bo‘yicha sud tomonidan tegishli jazolar tayinlangan.

Shu sababli, qonunchilikka bunday o‘zgartirishlar kiritilgani juda ahamiyatli.

Qonun oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat ishlarini har tomonlama, to‘liq va xolisona ko‘rib chiqilishiga huquqiy zamin yaratdi. Bundan tashqari, qonun tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning xulqiga ko‘rsatiladigan ijobiy ta’sirning kuchi yanada ortishiga, bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashining oldini olish choralari samaradorligini oshirish hamda oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilashga xizmat qiladi.

N.Abduraimova,  

O‘zA