Moldova Respublikasida konstitutsiyaviy referendum muvaffaqiyatli o‘tdi, deb xabar bermoqda “AzerTAJ” axborot agentligi. Unda ro‘yxatga kiritilgan saylovchilarning 42,44 foizi ishtirok etdi.
Ushbu ma’lumotlarni mamlakat Markaziy saylov komissiyasi raisi Anjelika Karaman brifingda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, referendumda soat 18.00 ga qadar 1 million 228 ming nafardan ortiq fuqaro ishtirok etgan.
Konstitutsiyaviy referendumi doirasida fuqarolar “Siz Moldova Respublikasining Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi uchun Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish tarafdorimisiz?” degan savolga byulletenda“Ha” yoki “Yo‘q” deb javob berishdi.
Eslatib o‘tamiz: Respublika konstitutsiyaviy referendumi Moldova Prezidenti Mayya Sandu tashabbusi bilan tashkil etilgan va bu taklif 46 deputat tomonidan imzolangan, so‘ngra Konstitutsiyaviy sud tomonidan ma’qullangan.