Jahon savdo tashkiloti hisobotiga ko‘ra, BRIKS tashkil etilgandan beri jahon savdosidagi ulushini qariyb bir yarim barobar oshirib, 2023 yil oxirida 21,6 foizga yetkazdi. 10,4 trillion dollarlik bu ko‘rsatkich yirik xalqaro tuzilmalar orasida 29,7 foiz yoki 14,3 trillion dollarga teng savdo amalga oshirgan Yevropa Ittifoqidan keyin ikkinchi hisoblanadi.
Uchinchi o‘rin Amerika Qo‘shma Shtatlari, Meksika va Kanadani birlashtirgan Erkin savdo shartnomasi – USMCA iqtisodiy tuzilmasiga tegishli. Bu hududda eksport va import qimmati o‘tgan yil oxirida jami 7,6 trillion dollarga yetib, dunyo miqyosida 15,7 foiz ulushni qoplagan.
7,4 foiz, ya’ni 3,5 trillion dollarlik miqdorni Bruney, Vetnam, Indoneziya, Kamboja, Laos, Malayziya, Myanma, Singapur, Tailand va Filippindan iborat ASEAN – Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi qayd etdi.
BRIKS 2006 yil tuzilgan davlatlararo assotsiatsiya. Shu yil 1 yanvarda boshlangan Rossiya raisligi adolatli global rivojlanish va xavfsizlik uchun ko‘p tomonlama munosabatni mustahkamlash shiori ostida o‘tmoqda.
Braziliya, Rossiya,Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika tomonidan asos solingan va ayni payt yangi a’zolar hisobiga kengayib borayotgan mazkur xalqaro iqtisodiy birlashma doirasidagi oliy darajali navbatdagi uchrashuv 22-24 oktyabr kunlari Qozon shahrida bo‘lib o‘tadi.