Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Muhtaram mehmonlar!

Muqaddas islom dini rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan siz, azizlarni ulug‘ allomalar yurti – O‘zbekiston zaminida buyuk muhaddis Imom Termiziyning ilmiy merosini o‘rganishga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Hech shubhasiz, islomshunoslik ilmining bilimdonlari bo‘lgan sizlar kabi taniqli olim va ulamolar, ekspert va tadqiqotchilarning bugungi nufuzli tadbirda ishtirok etayotgani bizga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Zero, sizlarning timsolingizda musulmon olamining faxru iftixori bo‘lgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy singari buyuk allomalarimizning ezgu an’analari davomchilarini ko‘ramiz.

Qadamlaringizga hasanot, tashrifingiz qutlug‘ va xayrli bo‘lsin!

Qadrli do‘stlar!

Biz o‘rta asrlarda islom dunyosida yorqin yulduz bo‘lib porlagan mutafakkir bobolarimiz haqida so‘z yuritar ekanmiz, Imom Termiziy hazratlarining muborak nomlarini albatta birinchilar qatorida tilga olamiz.

“Muhaddislar sultoni” degan yuksak maqomga erishgan buyuk ajdodimiz – Imom Buxoriyning suyukli shogirdi bo‘lgan bu benazir zotning yorqin xotirasi, o‘lmas asarlari, yuksak insoniy fazilatlari o‘n ikki asrdan buyon yurtimiz zaminini shonu shuhratga burkab kelayotgani bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Imom Termiziy bobomiz musulmon dunyosida olti buyuk muhaddisdan biri sifatida e’tirof etilgani, ul zotning hadislar to‘plami eng mo‘’tabar manbalar qatorida tilga olinishi, islom ummati bu mumtoz siymo oldida doimo ta’zimda ekani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Bugungi anjuman muhokamasiga Imom Termiziyning “Ash-Shamoil al-Muhammadiya” va “Sunani Termiziy” kabi noyob asarlari, termiziy allomalar ilmiy merosi va ularning hozirgi kundagi ahamiyati kabi g‘oyat dolzarb masalalar qo‘yilgani ana shunday ehtiromning yana bir amaliy ifodasidir.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

So‘nggi yillarda mamlakatimizda islom dini rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ko‘plab allomalarimiz, jumladan, Imom Termiziyning bebaho merosini o‘rganish va targ‘ib etish, muqaddas xotirasini e’zozlash, tabarruk qadamjolarini obod etish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.

Bu haqda so‘z yuritganda, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida muazzam yodgorlik majmuasi barpo etilgani, Termiz shahrida ul zotning tabarruk nomi bilan atalgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi hamda Islom instituti tashkil etilganini ta’kidlash lozim.

Ana shu muassasalar tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Hadis ilmi maktabi va boshqa diniy ta’lim va ilmiy-tadqiqot maskanlari bilan birgalikda Imom Termiziyning hayoti va faoliyati, boy merosi chuqur o‘rganilmoqda. Allomaning asarlari ko‘p nusxalarda nashr qilinmoqda. U kishi haqida ko‘plab ilmiy tadqiqot ishlari, kitoblar, badiiy asarlar yaratilmoqda.

Siz, azizlar anjuman kunlarida bu boradagi ishlar bilan yaqindan tanishib, shu yo‘nalishda hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalaringizni bildirasiz, deb ishonaman.

Biz ulug‘ allomalarning vorislari sifatida islom dinimiz tinchlik, ezgulik va insonparvarlik dini ekanini ta’kidlab, bu tengsiz boylikdan bashariyatning ezgu orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish uchun birgalikda foydalanishni, uni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishni o‘zimizning asosiy burchimiz, deb bilamiz.

Ana shunday olijanob maqsad yo‘lida yurtimiz olimlari, ulamolari bilan birga jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan siz, azizlarga, barcha ilm-fan namoyandalariga chuqur minnatdorlik bildiraman.

O‘zbekistondagi yetakchi ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari eshiklari sizlar uchun hamisha ochiq.

Sizlarni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, ilmiy va ijodiy faoliyatingizda ulkan yutuq va omadlar, anjuman ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti