Bugun, 24 sentyabr kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida gandbol bo‘yicha ayollar klublari o‘rtasida o‘tkazilayotgan VII Osiyo chempionatining 3-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Yurtimiz sharafini himoya qilayotgan “O‘zbechka” qizlar jamoasi kecha 3-tur doirasidagi o‘yinni Quvaytning “Al-Qurayn” klubiga qarshi o‘tkazdi.

Murosasiz va shiddatli kechgan uchrashuvda hamyurtlarimiz 32:26 hisobida g‘alabaga erishganligi sababli bugun musobaqani tomoshabinlar safida kuzatadi.

Bugun kun davomida o‘tadigan chempionatning to‘rtinchi o‘yin kunidagi bahslarda “Al-Qurayn” (Quvayt) – “Golden Iglz Bxarat” (Hindiston) va “Qaysar” (Qozog‘iston) – “Do‘stlik” (Qozog‘iston) jamoalari ro‘baro‘ keladi.

Shunday qilib, to‘rtinchi o‘yin kuni oldidan so‘nggi sarhisoblar bo‘yicha musobaqa jadvali hozircha quyidagicha ko‘rinish olgan:

1-o‘rin. “Qaysar” – 4 ochko (2 o‘yindan keyin).

2-o‘rin. “Do‘stlik” – 4 ochko (2 o‘yindan keyin).

3-o‘rin. “O‘zbechka” – 3 ochko (3 o‘yindan keyin).

4-o‘rin. “Golden Iglz Bxarat” – 1 ochko (3 o‘yindan keyin).

5-o‘rin. “Al-Qurayn” – 0 ochko (2 o‘yindan keyin).

Eslatib o‘tamiz, chempionat nizomiga ko‘ra, o‘yinlar 29 sentyabrga qadar davom etadi. Unda 1- va 4- hamda 2- va 3-o‘rinlarni egallagan jamoalar mos ravishda yarim finalda o‘zaro kuch sinashadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA