Bugun, 20 sentyabr kuni mamlakatimizning uch shahrida o‘tayotgan futzal bo‘yicha jahon chempionatining 3-tur uchrashuvlariga start beriladi. Mazkur tur boshlanishidan avval guruhlardagi vaziyatlar haqida ma’lumot berib o‘tmoqchimiz.
Bugun chempionatning “A” guruhida O‘zbekiston va Kosta-Rika, Nederlandiya va Paragvay o‘rtasida bahslar bo‘lib o‘tadi. Har ikkala o‘yin ham mahalliy vaqt bilan soat 20:00 da boshlanadi.
Mazkur guruhda Paragvay 6 ochko jamg‘argan holda keyingi bosqich masalasini muddatidan avval hal qilgan bo‘lsa, ikki ochko bilan ikkinchi o‘rinda borayotgan Nederlandiya Buxoro shahridagi “Universal” sport majmuasida o‘tadigan 3-tur bahsida Paragvayni mag‘lub etsa, chorak final bosqichiga chiqadi. Biroq ushbu o‘yin durang bilan yakunlansa, poytaxtimizdagi “Humo arena”da o‘tkaziladigan O‘zbekiston – Kosta-Rika uchrashuvida g‘alaba qozongan jamoa 1/4 finalga yo‘l oladi. Agar O‘zbekiston va Kosta-Rika bellashuvi ham durang bilan yakunlansa, ushbu terma jamoalar 2 ochko bilan eng yaxshi uchinchi o‘rin egasi bo‘lishdan umid qiladi.
Shuningdek, agar Paragvay so‘nggi o‘yinda Nederlandiyani 4 ta to‘p farqi bilan mag‘lub etsa, O‘zbekiston – Kosta-Rika uchrashuvida qayd etilgan har qanday durang natijasi terma jamoamizni keyingi bosqichga olib chiqishi mumkin.
Umid qilamizki, O‘zbekiston terma jamoasi bugun gollarga boy o‘yin o‘tkazib, g‘alaba qozonadi va qandaydir matematik hisoblarga javob qoldirmaydi.
Shuningdek, 20 sentyabr kuni “B” guruhida ham so‘nggi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Unda Tailand – Braziliya terma jamoalari Buxorodagi “Universal” sport majmuasida kuch sinashsa, Kuba – Xorvatiya termalari bahsiga Toshkentdagi “Humo arena” mezbonlik qiladi. O‘yinlar mahalliy vaqt bilan 17:30 da boshlanadi.
Darvoqe, bu guruhda Braziliya va Tailand 6 ochko to‘plab, keyingi bosqichga yo‘l olgan. Faqatgina jamoalar nechanchi o‘rindan joy olishi uchun bugun o‘zaro raqobatlashadi. Kuba va Xorvatiya termalari esa ikki mag‘lubiyatdan so‘ng 0 ochko bilan ketmoqda.
Ertaga, 21 sentyabr kuni esa “C” va “D” guruhlarida uchinchi tur bahslari o‘tkaziladi.
“C” guruhida ikkinchi turdan so‘ng Argentina 6 ochko bilan birinchi pog‘onani egallab turibdi. Afg‘oniston va Ukraina esa 3 ochko bilan 2-3 o‘rindan joy olgan. Angola esa ochkosiz holda so‘nggi o‘ringa joylashgan.
21 sentyabr kuni “Humo arena”da Angola – Argentina, Andijondagi “Universal” sport majmuasida Ukraina – Afg‘oniston terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi. Ushbu uchrashuvlar mamlakatimiz vaqti bilan soat 20:00 da boshlanadi.
Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, Ukraina – Afg‘oniston terma jamoalari bahsida har qanday durang natijasi Afg‘onistonni keyingi bosqichga olib chiqadi. Shu sababli, Ukraina bor e’tiborini g‘alabaga qaratishiga shubha yo‘q. Lekin katta ehtimol bilan bu guruhda uchinchi o‘rinda qolgan terma jamoa ham chorak finalga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“D” guruhida ikkinchi tur uchrashuvlaridan so‘ng Ispaniya va Qozog‘iston 4 ochko jamg‘arib, ikkinchi hamda uchinchi pog‘onalarni egallagan bo‘lsa, Liviya termasi bir g‘alaba va bir mag‘lubiyat evaziga uchinchi o‘rinda bormoqda. Guruh autsayderi bo‘lgan Yangi Zelandiya esa hamon ochkosiz qolmoqda.
Ertaga, 21 sentyabr kuni o‘tkaziladigan 3-turda Ispaniya Liviya termasi bilan, Yangi Zelandiya esa Qozog‘iston termasi bilan bahs o‘tkazadi.
Kuni kecha yakuniga yetgan “E” guruhidagi ikkinchi tur o‘yinlaridan so‘ng Marokash va Portugaliya bir xil 6 ochko jamg‘ardi va chorak finalga yo‘l oldi. Tojikiston va Panama uchun bu safargi musobaqa deyarli yakunlandi. Biroq, Tojikiston eng yaxshi uchinchi o‘rin sohibiga aylanish imkoniyatiga ega.
Bu guruhdagi so‘nggi tur 22 sentyabr kuni soat 17:30 da Toshkent va Buxoro shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Unda Marokash – Portugaliya peshqadamlik uchun o‘ynasa, Tojikiston va Panama termalari esa 3 ochko uchun o‘ynaydi.
Va nihoyat, “F” guruhiga ham yetib keldik. Kutilganidek, ushbu guruhda ikki favorit jamoa – Eron va Fransiya ikkinchi turda ham g‘alaba qozondi va 6 ochko bilan 1/4 finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Venesuela va Gvatemala esa 0 ochko bilan 3-4 pog‘onalardan joy oldi.
Endi 22 sentyabr kuni Buxorodagi “Universal” sport saroyida Fransiya – Eron, Toshkentdagi “Humo arena”da Venesuela – Gvatemala 3-tur o‘yinlarini o‘tkazadi.
Ma’lumot o‘rnida: 3-turdan so‘ng birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar chorak finalga yo‘l oladi. Shuningdek, eng yaxshi natija qayd etgan 4 terma jamoa ham 1/4 finalga chiqadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA