Vengriya poytaxti Budapesht shahrida davom etayotgan 45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi o‘zining yuqori nuqtasiga yaqinlashmoqda.
Ortda qolgan 7 ta tur o‘yinlari g‘oliblik uchun erkaklar va ayollar jamoalari orasida qaysi mamlakat vakillari ko‘proq haqli ekanini deyarli aniqladi.
Shaxmat olimpiadasining erkaklar bahsida ishtirok etayotgan 200 ga yaqin davlatning 15 dan ziyodi chempionlikka nomzod ekanini amalda isbotlagan bo‘lsa, 180 dan ko‘proq ayollar jamoalari orasida 20 ga yaqin mamlakat shaxmatchi qizlari bosh sovrin uchun da’vogarligini erishayotgan natijalarida aks ettirmoqda.
Bugun, 19 sentyabr kuni o‘tadigan 8-tur o‘yinlari ostonasida har ikki toifadagi musobaqalarda Hindiston jamoalari 14 ochko jamg‘argan holda yetakchilik qilmoqda. Erkaklar jamoalari o‘rtasidagi bahslarda Eron 13 ochko bilan 2-o‘ringa ko‘tarilib olishga muvaffaq bo‘ldi. Eronliklar 7-turda Vetnam jamoasini 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi. Kechagi o‘yinlarda zafar quchgan hamyurtlarimiz qatori Vengriya, Armaniston, Serbiya jamoalari 12 ochko bilan g‘oliblik yo‘lidagi kurashni davom ettirishga hozirlanmoqda.
Shuningdek, chempionlik orzusidan umid uzmagan yana 7 ta jamoa: AQSH, Xitoy, Vetnam, Gruziya, Norvegiya, Fransiya, Ruminiya 8-tur boshlanishi oldidan 11 ochkoga ega bo‘lib turibdi.
Ayollar jamoalari orasida hindistonlik shaxmatchi qizlar yuz foizlik imkoniyatdan to‘laqonli foydalangan holda 14 ochko bilan turnir jadvalini boshqarib borayotgan bir vaziyatda Polsha, Qozog‘iston, Fransiya 12 ochko qo‘lga kiritib, keyingi pog‘onalarni band etgan. Yana 10 ta jamoa ularni ta’qib etib kelmoqda.
Bugun o‘tkaziladigan 8-tur o‘yinlarining erkaklar musobaqalaridagi Eron – Hindiston, O‘zbekiston – Serbiya, Vengriya – Armaniston, AQSH – Fransiya, Xitoy – Ruminiya, Vetnam – Norvegiya to‘qnashuvidagi bahslar ko‘p masalaga oydinlik kiritishi shubhasiz. Ayollar musobaqalarida esa Polsha – Hindiston, Vengriya – Ukraina, Qozog‘iston – Fransiya, Gruziya – Bolgariya va O‘zbekiston – AQSH qarama-qarshiligidagi o‘yinlar shaxmat olimpiadasining chempionlik yo‘lidagi asosiy bahslar ekanligi bilan ko‘pchilikning e’tibor markazida bo‘lishi shubhasiz.
Eslatib o‘tamiz 11 turdan iborat shaxmat olimpiadasining so‘nggi kungi musobaqalari 22 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA