Qadrli vatandoshlar!

Qahramon o‘g‘il-qizlarim!

Hurmatli ustoz-murabbiylar, muhtaram ota-onalar!

Shu kunlarda jonajon yurtimiz katta bayram shukuhi bilan yashamoqda.

Siz, aziz sportchilar Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida rekord natijalarga erishib, mamlakatimizga mana shunday bayram ruhini olib keldingiz.

Barchangizni olamshumul yutuq va natijalaringiz bilan o‘z nomimdan, el-yurtimiz nomidan chin yurakdan samimiy tabriklayman.

Muhtaram do‘stlar!

Ushbu xalqaro sport anjumanida dunyoning 168 ta davlatidan 4 ming 400 ga yaqin eng kuchli va mahoratli sportchilar ishtirok etgani uning nufuzi va miqyosi naqadar ulkan ekanidan dalolat beradi.

Shu ma’noda, Paralimpiya o‘yinlari – bu chinakam iroda, jasorat va matonat, ezgulik va gumanizm namoyishi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Siz, azmu shijoatli farzandlarimiz g‘oyat keskin bellashuvlarda yuksak marralarni egallab, musobaqalarning haqiqiy qahramonlariga aylandingiz.

O‘zbekiston jamoasi 10 ta oltin, 9 ta kumush, 7 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 13-o‘rinni, Osiyo qit’asida 3-o‘rinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bo‘yicha 1-o‘rinni egallagani buni yaqqol tasdiqlab turibdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston o‘z sport tarixida ko‘p-ko‘p yutuq va zafarlarni ko‘rgan. Lekin Paralimpiya o‘yinlarida bunday rekord natija ilgari hech qachon bo‘lmagan edi.

Bu – sizlarning tinimsiz mehnatingiz, bukilmas irodangiz, iste’dod va mahoratingiz samarasidir.

Bu – yurtimizda inson qadrini amalda ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlarimiz natijasidir.

O‘z Vatanini jonu dili bilan sevadigan, metin irodali, yuragida o‘ti bor insonlargina shunday ulug‘ ishlarga qodir bo‘ladi.

Xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi.

Katta rahmat sizlarga!

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Biz Tokio Paralimpiya o‘yinlaridan so‘ng keyingi safar albatta kuchli “o‘n beshtalikka” kiramiz, deb ezgu niyat qilgan edik.

O‘tgan yillar davomida shu maqsad yo‘lida tinimsiz mehnat qildik. Sportchilarimiz uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib, yuksak marralar uchun puxta zamin tayyorladik.

Natijada O‘zbekiston bu yilgi Paralimpiya o‘yinlarida birinchi marta eng ko‘p tarkib bilan, ya’ni, 9 ta sport turi bo‘yicha 65 nafar sportchi bilan ishtirok etdi.

Ayniqsa, para velosport bo‘yicha vakillarimiz ushbu musobaqalarda ilk bor qatnashganini alohida e’tirof etish lozim.

Albatta, Paralimpiya o‘yinlarida erishilgan har bir yutuq, har bir natija beqiyos ahamiyatga ega. Chunki to‘rt yilda bir marta o‘tadigan bunday yirik xalqaro musobaqa orqali dunyo hamjamiyati har bir qatnashchi mamlakatda insonning jismoniy va ma’naviy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qanday e’tibor qaratilayotganiga baho beradi.

Shu bois, sizlar tarixiy yutuqlaringiz bilan O‘zbekiston sha’nini, yurtimiz nufuzini yuksak bosqichga olib chiqdingiz, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Muhtaram yurtdoshlar!

Bugun Paralimpiya yakunlarini tahlil qilar ekanmiz, avvalo, erishilgan rekord natijalarga urg‘u berishimiz tabiiy, albatta.

Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, ushbu Paralimpiadada yurtimiz vakillari jami bo‘lib 26 ta medalni qo‘lga kiritib, tarixiy rekord o‘rnatdilar. Bunday mislsiz, yorqin g‘alaba O‘zbekiston tarixiga oltin harflar bilan muhrlandi.

Bu haqda gapirganda, afsonaviy yengil atletikachimiz Husniddin Norbekovning mamlakatimiz tarixida birinchi marta uch karra Paralimpiya chempioni bo‘lganini, shu bilan birga yangi rekord o‘rnatganini alohida ta’kidlash lozim.

Pahlavon o‘g‘lonlarimiz Bobirjon Omonov va Sherzod Namozov yadro uloqtirish va dzyudo bo‘yicha ikkinchi bor oltin medallarni qo‘lga kiritdilar. Bobirjon esa Paralimpiya rekordini ham yangilagani yuksak e’tirofga loyiq.

Mana, bizning qanday bahodir farzandlarimiz bor!

Ayni vaqtda yuksak matonatli qizlarimiz ham O‘zbekiston g‘alabasiga munosib hissa qo‘shganlari to‘g‘risida har qancha g‘urur va iftixor bilan gapirsak arziydi, albatta. Jamoamiz qo‘lga kiritgan medallarning 11 tasi aynan qizlarimiz hisobiga yozilgani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Shijoatda tengsiz qizlarimiz Asila Mirzayorova uzunlikka sakrash, Nurxon Qurbonova esa nayza uloqtirish bo‘yicha Paralimpiya chempionlari bo‘ldilar. Ular o‘z natijalari bilan ushbu o‘yinlardagi va jahon miqyosidagi rekordlarni ham yangilaganiga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q.

Nurxon qizimiz ayni paytda yadro uloqtirish bo‘yicha bronza medalni ham qo‘lga kiritdi va ikkita medal sohibasiga aylandi.

15 yashar navqiron qizimiz – Shahinaxon Yigitaliyeva kumush medalni qo‘lga kiritib, Paralimpiya o‘yinlaridagi eng yosh sovrindor sifatida tarixga kirdi.

Ofarin sizlarga, ona qizlarim!

Baraka topinglar, doimo baxtingizni, omadingizni bersin!

Mohir sportchimiz Tolibboy Yo‘ldoshev ham biryo‘la ikkita marrani zabt etdi. Ko‘rib turganingizdek, uning ko‘ksida ham oltin va bronza medallar nur sochib turibdi.

Yana bir qahramonimiz, ikki karra Paralimpiya chempioni Yorqinbek Odilov nayza uloqtirish bo‘yicha Osiyo rekordini yangiladi.

Bugun mana shu tantanali marosimda Qudratilloxon Ma’rufxo‘jayev, Elbek Sultonov, Asadbek Toshtemirov, Sherzod Namozov kabi o‘g‘lonlarimizni ham oltin medallar bilan yana bir bor chin yurakdan qutlaymiz.

Qahramon sportchilarimiz erishgan yutuqlar haqida to‘lib-toshib, yana uzoq gapirish mumkin.

Po‘lat irodali qizimiz Ro‘za Qo‘ziyeva pauerlifting bo‘yicha kumush medalni qo‘lga kiritdi. Aslida bu oltinga teng g‘alaba ekanini butun dunyo tan oldi.

Taekvondo bo‘yicha terma jamoamiz birinchi marta Paralimpiya o‘yinlarida 3 ta medalni qo‘lga kiritdi va umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egalladi.

Yengil atletika bo‘yicha vakillarimiz esa birinchi marta 8 ta oltin medalni, ya’ni eng yuqori sovrinlarning 80 foizini egallaganlari alohida diqqatga sazovordir.

Bir so‘z bilan aytganda, sizlar O‘zbekiston Paralimpiya harakatining oltin avlodi sifatida maydonga chiqib, mamlakatimizga mislsiz ulkan yutuqlar olib keldingiz.

Ana shu g‘alabalar sharafiga Parijda O‘zbekiston madhiyasi 10 bor yangrab, mamlakatimiz bayrog‘i 26 marta baland ko‘tarilganida milliy g‘ururimiz ham yuksaklarga ko‘tarildi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Mana, biz maqsad sari chin dildan intilsak, qanday buyuk marralarni egallashga qodirmiz!

Mana, biz birlashib, hamjihat bo‘lib harakat qilsak, qanday buyuk xalq, qanday buyuk Vatanmiz!

Aziz do‘stlar!

Albatta, hamisha keskin va murosasiz kurashlar bilan o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlarida faqat eng kuchli va irodali sportchilargina ishtirok eta oladi.

Shu ma’noda, bu gal ozgina omad yetishmagan bo‘lsa-da, Vatanimiz sharafini bor kuch-g‘ayrati bilan himoya qilgan, qizg‘in bellashuvlarda katta tajriba orttirgan sportchilarimiz – paradzyudochilar Turg‘un Abdiyev, Uljon Amriyeva, Shohrux Mamedov, Feruza Ergasheva va parakanoechi Shahzoda Mamadaliyevani ham samimiy tabriklab, kelgusi musobaqalarda ularning barchasiga zafar yor bo‘lishini tilaymiz.

Qadrli o‘g‘il-qizlarim!

Sizlar erishgan bu ulkan zafarlar Olloh taoloning chinakam mo‘’jizasi bo‘lgan inson zoti qanday beqiyos imkoniyatlarga, qanday tengsiz qudratga ega ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.

Chindan ham, bu hayotda ko‘p narsani hal qiladigan omil – bu yuksak iroda va matonatdir. Lekin odamning qalbiga mana shunday iroda va matonatni singdirish, uni tarbiyalab, kamolga yetkazish – bu albatta oson ish emas.

Ochiq aytish kerakki, bunday jasorat hammaning ham qo‘lidan kelmaydi.

Siz, aziz farzandlarim bugungi g‘alaba shohsupasiga yetib kelgunga qadar qanday uzoq, og‘ir va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tganingizni men o‘zimga yaxshi tasavvur qilaman.

Bu olis yo‘lda goho turli sinov va muammolar, shubha-gumonlar, ishonchsizlik, iztirob va armonlar ham sizlarni qiynaganini, qancha-qancha uzun tunlarni uxlamasdan, bedor o‘tkazganingizni ham yaxshi bilaman.

O‘z oldingizga qo‘ygan maqsadga erishish yo‘lida sizlarning boshqalarga qaraganda o‘n marta, balki yuz marta ko‘proq mehnat qilishingizga, mashaqqat chekishingizga to‘g‘ri kelganini ham men yaxshi anglayman.

Mana shunday murakkab damlarda sizlarning yuragingizga umid va ishonch, qat’iyat va jasorat tuyg‘usini bag‘ishlagan, sizlar bilan yonma-yon turib, sizlarni doimo qo‘llab-quvvatlab, zafarli marralar sari ruhlantirgan fidoyi insonlar bor. Ularning ko‘plarini bugungi davramizda ko‘rib turganimdan xursandman.

Bular – avvalo sizlarning mehribon ota-onalaringiz, yaqinlaringiz, jigarlaringizdir.

Sizlar erishgan g‘alabalarda ularning ham albatta munosib hissalari bor.

Kelinglar, aziz do‘stlar, qahramon sportchilarimizning qahramon ota-onalari, oila a’zolarini ham olqishlab, ularga eng ezgu tilak va hurmatimizni bildiraylik!

Ayni vaqtda mohir va jonkuyar murabbiylarga, barcha mutasaddi va mutaxassislarimizga ham chin dildan tashakkur aytamiz.

Ayniqsa, para-yengil atletika bo‘yicha tajribali trenerlar – Ibrohimjon Yusupov, Yahyobek Yoqubov, Sardor Xudoyberganov, Grigoriy Kamulya, Azizjon Normatov, Rahmonberdi Xo‘jamov, Galina Kazakovaga, para-dzyudo bo‘yicha mohir murabbiylar – Mahmud Omonov, Muratboy Dusumbetov, Alfiya Ibragimova, Fozil Karamatov va para-taekvondo bo‘yicha taniqli murabbiy Bobur Qo‘ziyevga, pauerlifting bo‘yicha tajribali ustozlar – Fazliddin Umirzoqov, para-suzish bo‘yicha Ravshanbek Amilov va o‘q otish bo‘yicha Natalya Yefimovaga, shuningdek, psixolog mutaxassis Lola Agzamovaga alohida tashakkur izhor etaman.

Bugun bir haqiqatni to‘la ishonch bilan ayta olamiz: Yangi O‘zbekistonning o‘z matonat maktabi, shon-sharaf maktabi bor.

Bu maktabning chinakam bunyodkorlari sizlar, desak, buyam ayni haqiqat bo‘ladi.

Hech shubhasiz, sizlarning sportdagi, hayotdagi yutuqlaringiz birinchi navbatda yoshlarimiz uchun kuch-g‘ayrat manbai, matonat va ibrat namunasi bo‘lib xizmat qiladi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Parijdagi yutuqlar haqida gapirganda, yurtimizda sport va jismoniy tarbiya sohasini, Paralimpiya harakatini ravnaq toptirishga berilayotgan e’tibor, imkoniyati cheklangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularga inklyuziv sharoit yaratish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlash o‘rinlidir.

O‘tgan yildan boshlab, respublikamizda Ijtimoiy himoya milliy agentligi o‘z faoliyatini boshlaganidan xabaringiz bor. Shuningdek, adaptiv sportni rivojlantirish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportning ushbu yo‘nalishiga jalb etish maqsadida Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi tashkil qilindi.

Hech shubhasiz, Parij maydonlarida erishilgan tarixiy g‘alabalarda ularning ham munosib hissasi bor.

Shu munosabat bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi hamda barcha sport federatsiyalari rahbarlari va faollariga ham samimiy minnatdorlik bildiraman.

Biz kelgusida yurtimizda parasport turlari bilan birga nogironligi bo‘lgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan sport turlarini ham keng rivojlantirishga alohida ahamiyat beramiz.

Asosiy e’tibor nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvini ta’minlashga qaratiladi.

Shu o‘rinda xalqimiz, ziyolilarimizning o‘z qahramon farzandlariga bo‘lgan mehri va ehtiromining yana bir ifodasi haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Iste’dodli shoir va adiblarimiz sizlarning jasoratingizni ulug‘lab, “Olimp uzra hilpirar O‘zbekiston bayrog‘i” kitobining ikkinchi nashrini tayyorladilar.

Bugun mana shu kitoblarni ham har biringizga esdalik sifatida sovg‘a qilamiz va sizlarning nomingizdan ijodkorlarimizga rahmat aytamiz.

Aziz do‘stlar!

Albatta, Parijda erishgan natijalarimizni atroflicha tahlil qilib, 2028 yilda Los-Anjelesda bo‘ladigan Paralimpiya o‘yinlari uchun tayyorgarlikni hozirdan boshlashimiz kerak.

O‘zingiz guvoh bo‘lganingizdek, Parijdagi “Stad de Frans” stadionida paraatletlarimiz yugurish, yadro va nayza uloqtirish, uzunlik va balandlikka sakrash bo‘yicha musobaqalarda juda faol ishtirok etishdi.

Endi, bunday sport turlari geografiyasini yanada kengaytirishimiz kerak.

Kelgusi Paralimpiya o‘yinlarida amalda yuksak samara berayotgan sport turlari qatorida parasuzish va o‘q otish kabi bellashuvlar bo‘yicha ham tayyorgarlik va natijadorlik yuqori bo‘lishi uchun aniq strategiya asosida ish olib borishimiz lozim.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, bu yilgi Paralimpiya o‘yinlarida velosport bo‘yicha vakillarimiz ilk bor ishtirok etishdi.

Endi, bu yo‘nalishda faqat litsenziya uchun emas, balki ushbu nufuzli musobaqalarda aniq natijaga erishish uchun kurashish kerak.

Buning uchun, sportchilarimizga barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Xususan, ularni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, farmakologiya va diyetologiya bo‘yicha ishlar kuchaytiriladi.

Shuningdek, parasportchilarimiz bilan ishlaydigan sport psixologlari faoliyatini kuchaytirish uchun ularni rag‘batlantirish bo‘yicha alohida tizim joriy etiladi.

Umuman olganda, kelgusi Paralimpiya o‘yinlarida umumjamoa hisobida kuchli “o‘ntalik”ka kirish bosh maqsadimiz bo‘ladi. Bunga erishish uchun tegishli vazirlik, sport federatsiyalari hamda siz, azizlarning taklif va mulohazalaringiz asosida albatta maxsus dastur ishlab chiqamiz.

Qadrli do‘stlar!

Hurmatli sportchilar!

Kuni kecha XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari, ularning murabbiylari hamda sport delegatsiyamiz a’zolaridan bir guruhini mukofotlash haqidagi farmonga imzo chekdim.

Yozgi Paralimpiya o‘yinlarida erishgan ulkan yutuqlaringiz, yuksak davlat mukofotlari bilan sizlarni yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

Bir fikrni alohida ta’kidlab aytmoqchiman: sizlar taqdirning har qanday sinovlariga qaramasdan, faqat va faqat g‘alaba, ezgu maqsad sari intiladigan insonlarsiz. Mana shunday fazilatlaringiz yanada ziyoda bo‘lsin, sizlarga doimo baxt va omad keltirsin!

Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik va farovonlik, yangi-yangi zafarlar yor bo‘lsin!