Budapesht shahrida 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasining erkaklar o‘rtasida kechgan 1-tur o‘yinlari yakunlariga ko‘ra, 89 ta jamoa muvaffaqiyatga erishdi. Ularning 56 tasi raqiblarini to‘liq ustunlik holatida yengdi. Ya’ni, har bir jamoaning 4 nafar shaxmatchisi to‘liq g‘alaba qildi. Hamyurtlarimiz Trinidad va Tobago terma jamoasini 3,5:0,5 hisobida mag‘lub etdi.

Grossmeysterlarimizdan Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov va Jahongir Vohidov o‘z partiyalarida g‘olib chiqdi. Nodirbek Yoqubboyev Trinidad va Tobago vakili bilan durang o‘ynadi.

Erkaklar terma jamoasidan farqli o‘laroq, ayollar terma jamoamiz to‘liq ustunlikka ega bo‘lgan 72 ta jamoadan biri bo‘ldi. Ayollar musobaqasining 1-turida ishtirokchi davlatning 81 tasi g‘olib chiqdi.

Bugun, 12 sentyabr kuni jahon chempionatining 2-turida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi qora donalarda Misr vakillariga qarshi dona sursa, ayollar terma jamoamiz 2-turda Angola terma jamoasiga ro‘baro‘ kelmoqda. Xotin-qiz shaxmatchilarimiz ham uchrashuvni qora donalarda o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘yinlari 11 turdan iborat bo‘lib, 22 sentyabr kuni so‘nggi tur bahslari tashkil etiladi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA