O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida Agrotech Innovation Day: “Yashilovul ‒ platformasi bilan kelajagimizni birgalikda quramiz” nomli ko‘rgazma-yarmarka bo‘lib o‘tdi.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistondagi Global Yashil o‘sish instituti (GGGI) tomonidan ishlab chiqilgan “Yashilovul” platformasi bilan sohani yanada rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi va agrobiznes vakillari uchun qishloq xo‘jaligi sohasida tajriba almashish, zamonaviy innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha muhim ma’lumotlar va ko‘rgazma vositalari bilan yaqindan tanishtirildi.
Tadbirda fermerlar, eksportyorlar, texnika yetkazib beruvchilar, shuningdek, moliya institutlari vakillari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ko‘rgazmadan ko‘zlangan maqsad – qishloq xo‘jaligidagi eng so‘nggi zamonaviy texnologiyalarni targ‘ib qilish, fermerlar va agrobiznes vakillari aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, “Yashilovul” mobil biznes platformasining imkoniyatlari bilan qishloq xo‘jaligi sohasi va agrobiznes vakillarini yaqindan tanishtirishdir. Platforma KOICA tomonidan moliyalashtirilgan (5,9 million AQSH dollar) “Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun yashil reabilitatsiya investitsiya loyihasi” (Aral Sea GRIP) investitsiya loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining ko‘magi yordamida ishlab chiqilgan.
Global Yashil o‘sish institutining O‘zbekistondagi vakolatxonasi 2021 yilda ochilgan bo‘lib, o‘tgan yillar mobaynida sezilarli natijalarga erishdi. Jumladan, 17 ming nafardan ortiq ayol, yoshlar, fermerlar va agrobiznes vakillarining iqlim o‘zgarishiga chidamliligi oshirildi, bir necha kishi uchun iqlimga mos qishloq xo‘jaligi bo‘yicha treninglar o‘tkazdi. 800 nafar ishtirokchi loyihaning tajriba hududlarida 445 gektar yerni himoya qiluvchi 31 km uzunlikdagi shamol to‘siqlari sifatida 18 ming tup nihol ekish va boshqa ishlarni amalga oshirdi. Bundan tashqari, tijorat banklari bilan hamkorlikda yashil investitsiyalarni jalb qilmoqda: GGGI Sanoat qurilish bankning bevosita ko‘magida dastlabki tematik ijtimoiy, barqaror va yashil obligatsiyalarni chiqardi. Bu esa birinchi navbatda barqaror va yashil loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekistondagi Global Yashil o‘sish instituti (GGGI), O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi vakillari so‘zga chiqib, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun ilg‘or texnologiyalarni joriy etishning muhimligi, fermerlarni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy loyihalar va bu boradagi hamkorlikning ahamiyati haqida gapirdi. Shuningdek, mintaqada Orol dengizi inqirozining yanada yomonlashib borayotgan salbiy oqibatlarini yumshatish uchun fermerlarning iqlimga chidamli va energoresurslarni tejovchi texnologiyalarni o‘zlashtirishga bo‘lgan ehtiyoji ortib borayotgani ta’kidlandi.
Rasmiy ochilishdan so‘ng ishtirokchilar ko‘rgazma stendlari bilan tanishdilar. Ertalabki dasturda yetakchi yetkazib beruvchilarning eng yangi qishloq xo‘jaligi texnikalari va texnologiyalari namoyishi bo‘lib o‘tdi. Agrobiznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z xizmatlarini taklif etgan lizing va sug‘urta kompaniyalari, tijorat banklari vakillari ham ishtirok etdi.
“Yashilovul” mobil biznes platformasi taqdimotida mutaxassislar uning ilova va veb-sayt formatida mavjud barcha imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirdi. Mazkur platforma Orolbo‘yida qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohalarida biznes yuritish uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etadi. Undan foydalanuvchilar tegishli soha mutaxassislari bilan maslahatlashishlari, shuningdek, Qoraqalpog‘istonning turli tumanlaridagi foydali materiallar, yangiliklar va haftalik oziq-ovqat narxlari bilan tanishishi mumkin.
Dastur davomida ishtirokchilar qishloq xo‘jaligidagi innovatsiyalar, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish, agrobiznesda moliyalashtirish va sug‘urtalash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sanoatida raqamli texnologiyalarning o‘rni kabi muhim mavzular muhokama qilindi. Ko‘rgazma nafaqat iqlimni barqaror va unga moslashgan qishloq xo‘jaligi uchun innovatsion texnologiyalarni namoyish etish maydonchasi, balki birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi sektorini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.