Xorazm viloyatining ko‘hna Xiva shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining ikkinchi parlamentlararo forumi o‘z ishini boshladi.

Forumda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston parlamentlari rahbarlari va delegatsiyalari, shu jumladan, yoshlar parlamenti va guruhlari, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari vakillari ishtirok etmoqda.

Anjuman avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva o‘qib eshittirdi.

Senat Raisi T.Norboyeva bugungi kunda mintaqaning hamma davlatlari o‘zining kelgusi taraqqiyotini bevosita Markaziy Osiyo mintaqasining barqarorligi va farovonligiga uzviy bog‘liq holda ko‘rishini qayd etdi. Davlat rahbarlarining oliy darajada erishayotgan kelishuvlarini samarali amalga oshirish, hamkorlik formatlarini yanada rivojlantirishda parlamentlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar muhim ahamiyat kasb etadi.

Senat Raisi parlamentlararo hamkorlik doirasidagi ishlarni faollashtirish yuzasidan qator takliflar bildirdi. Shundan so‘ng har bir davlat delegatsiyasi rahbari o‘z kirish so‘zida forum ahamiyati, undan kutilayotgan natijalar, maqsad va vazifalariga to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etish joizki, forum Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda parlamentlararo komissiyalar, do‘stlik guruhlari, davlat hokimiyati vakillik organlari, yoshlar parlamentlari hamda xotin-qizlarning ishtirokini kengaytirishni maqsad qilgan.

Ayni vaqtda anjuman o‘z ishini 4 ta panel sessiya doirasida davom ettirmoqda.

Forum natijalari bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikning yangi shakllari va yo‘nalishlari ishlab chiqiladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda parlamentlararo komissiyalar, do‘stlik guruhlari va mahalliy vakillik organlarining faol ishtirokini kengaytirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqiladi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlar parlamentlari va guruhlarining mintaqa parlamentlari rahbarlariga murojaatlari yuboriladi. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda xotin-qizlar va yoshlarning rolini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Forum yakunida Xiva deklaratsiyasi qabul qilinadi.

Norgul Abduraimova, O‘zA