Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish ishlarini yangi sifat bosqichiga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Qayd etilganidek, umumiy ovqatlanish sohasiga berilgan yengilliklarga javoban sohadagi yirik brendlar qisqa muddatda Samarqand, Andijon va poytaxtda 2 ming odamga ish berdi.

Ikki yil avval umumiy ovqatlanish sohasi tadbirkorlariga ijtimoiy soliqdan imtiyoz berilgan edi.

Tadbirkorlarga shu imtiyoz yana 2 yilga uzaytirib berilsa, ular 150 ming ehtiyojmand aholini ish bilan ta’minlashga tayyor.

Ayrim korxonalar koll-markaz tashkil qilib, hozirni o‘zida 2 ming nafar nogironligi bo‘lgan aholiga kompyuter va telefon olib berish orqali ularni uyini o‘zida ish bilan ta’minlamoqchi.

Xizmatlar sohasidagi tadbirkorlar kambag‘al aholini ishli qilaman desa, imtiyoz muddatini yana uzaytirish mumkinligi ta’kidlandi.

Hozir sanoatda eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan soha – to‘qimachilik.

Tadbirkorlar ikki yil avval tayyor trikotaj, bo‘yalgan mato va gazlama korxonalariga ijtimoiy soliqdan berilgan imtiyozni uzaytirib berishni so‘ramoqda.

Agar korxonalar kambag‘al aholini band qilsa, o‘sha ishchiga ijtimoiy soliqdan imtiyoz yana uch yilga saqlanib qoladi.

Ushbu imtiyoz nafaqat to‘qimachilikka, balki barcha sohadagi korxonalarga beriladi.

Bu imkoniyatdan foydalanib, to‘qimachilik, qurilish materiallari, charm-poyabzal va hunarmandchilikda 120 ming, dehqonchilik va chorvachilikda 120 ming, qurilish sohasida 25 ming, elektrotexnikada 20 ming kambag‘al aholini ishli qilish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zA