Bugun mamlakatimizning barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida bo‘lgani kabi Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlarida ham 2024-2025 o‘quv yili uchun “Birinchi qo‘ng‘iroq” chalindi.

“Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida  “Bilimlar kuni” munosabati bilan Ellikqal’adagi  22-umumta’lim maktabida tashkil etilgan tadbirda tuman  hokimi Valijon Niyazimbetov yig‘ilganlarni samimiy tabrikladi.

Tadbir davomida 1-sinf o‘quvchilariga “Prezident sovg‘asi” topshirildi.

Umumta’lim maktabida ham an’anaga ko‘ra, yangi o‘quv yilining sabog‘i  “Mustaqillik darsi” bilan boshlandi. Ahamiyatli jihati shundaki, umumta’lim maktabining ilk darsi tuman hokimi V.Niyazimbetov ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Ushbu darsda tuman rahbari yurtimizdagi  yosh avlodning yorqin kelajagi, kamoloti uchun amalga oshirilayotgan ishlardan faxrlanishimiz, o‘z navbatida, yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish zarurligini qayd etdi. O‘tkazilgan darsda kelajak sari intilayotgan yoshlarga Vatanni sevish haqiqiy baxt ekanligi, mamlakatimiz tinchligini asrab-avaylash, uning taraqqiyotiga hissa qo‘shish har bir farzandning burchiga aylanishi, asosiysi,  o‘quvchilar kuchli bilimga ega bo‘lishi, odob-axloq, tarbiya bilan kamolga yetishi zarurligi alohida ta’kidlandi.

Tumanda jami 75 ta ta’lim muassasa faoliyat yuritib, shundan 73 ta umumta’lim maktabi, 1 ta ixtisoslashtirilgan maktab va 1 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi mavjud. Ularda ta’lim o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman, rus tillarida olib borilmoqda. 2024-2025 o‘quv yilida 1-sinfga 3  ming 250 nafar o‘quvchi qabul qilindi.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri.