Janubiy Koreyaning Mungyong shahrida dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida yakunlangan Osiyo chempionatidan keyin yoshlar o‘rtasidagi bellashuvlarga start berilgandi.

Ikki kunlik bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi 7 ta oltin, 3 ta kumush, 3 ta bronza, jami 13 ta medal bilan 17 ta davlat terma jamoalari orasida umumjamoada 1-o‘rinni egalladi.

Yoshlar o‘rtasidagi ikki kunlik musobaqalar davomida Janubiy Koreya sport majmuasida yetti bor O‘zbekiston madhiyasi yangrab, milliy g‘ururimiz timsoli bo‘lgan  bayrog‘imiz sarbaland bo‘ldi.

Chempionat davomida Laziza Haydarova, Barchinoy Qodirova, Shirinjon Yo‘ldosheva, Murodil Murodillayev, Zamohshari Bekmurodov, Shahzodxo‘ja Sharipov, Muhammadsodiq Sodiqov oltin medallarga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Dilshodbek Hamroyev, Hojiakbar Toshev, Fazliddin Rafikov kumush, Muhayyo Ahmatova, Despina Bochkova, Mardon Ravshanov bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA