Kamerun Respublikasi poytaxti Yaunde shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir ochilishida mamlakat Bosh vaziri doktor Jozef Dion Ngute IHTni qo‘llab-quvvatlash zarurati, a’zo davlatlarning qashshoqlik, iqlim o‘zgarishi va terrorizmga qarshi kurashdagi birdamligi ahamiyati, Falastin va G‘azo sektoridagi vaziyat haqida so‘zladi.
Sessiyaga raislik qilgan mezbon davlat tashqi ishlar vaziri Lejeune Mbella Kamerunning IHTga qo‘shilishi 50 yilligiga to‘g‘ri kelgan 50-sessiya bilan mehmonlarni qutladi. Anjuman uchun tanlangan “IHT doirasida transport va aloqa infratuzilmasini rivojlantirish qashshoqlik va xavfsizlikka qarshi kurashning asosiy vositasi” shiori taraqqiyot, tinchlik va farovonlikni ta’minlashga xizmat qilishini qayd etdi.
IHT Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha Falastin va Al-Quds Ash-Sharif muammosi, umuman xalqaro hamjamiyat, xususan IHT uchun qiyinchilik tug‘dirayotgan jiddiy o‘zgarishlarga e’tibor qaratdi. G‘azo sektori va Falastinning barcha hududlarida, jumladan Al-Qudsda misli ko‘rilmagan harbiy tajovuz davom etayotgani, minglab qurbonlar berilayotganiga to‘xtaldi.
IHT mazkur shafqatsiz tajovuz oqibatiga qarshi turish, falastinliklarning o‘z zaminida qonuniy huquqini himoya qilish borasidagi sa’y-harakatni davom ettirishi ta’kidlandi.
Bosh kotib Jammu va Kashmir bilan bog‘liq voqealarni ham eslatdi. Shuningdek, tuzilma Sohil va Chad ko‘li mintaqasi oldida turgan ko‘p qirrali muammolarga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidlab, xalqlarni birdamlikka chaqirdi.
Darvoqe, sohil so‘zi arab tilidan tarjima qilinganda qirg‘oq, chegara ma’nolarini anglatadi. Ya’ni, Afrikadagi tropik savanna mintaqasi – Sohil shimoldagi Sahro va unumdor yerlar o‘rtasidagi alohida yer. O‘n ikki mamlakat, 300 million aholini jamlagan hudud Atlantika okeanidan Qizil dengizgacha cho‘zilgan minglab kilometr savanna va yarim qurg‘oqchil daladan iborat.
Janob Ibrohim Toha qayd etishicha, tashkilot 2024 yil 26 oktyabrda Jidda shahridagi qarorgohida o‘tadigan, Sohil mintaqasi va Chad ko‘li havzasidan ko‘chirilganlar va qochqinlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Donorlar konferensiyasiga tayyorgarlikni davom ettirmoqda.
Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Volid Al-Hurayjiy IHT tashkil etilgandan buyon turli sohalardagi muammolarni bartaraf etishga munosib hissa qo‘shib kelayotganini ta’kidladi. Qirollik Falastin xalqiga qarshi sodir etilayotgan jinoyatning har qanday shakli qoralanishini bildirdi. Yevropaning bir necha mamlakati Falastin davlatini tan olganini eslatdi.
Darvoqe, Qirol Salmon gumanitar yordam markazi tomonidan boshlangan, qiymati 185 million dollardan oshgan milliy xayriya kampaniyasi orqali G‘azodagi tinch aholiga insonparvarlik yordami ko‘rsatilishi davom etmoqda.
Muharrama Pirmatova, O‘zA