O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining XI hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning tuman va shahar Kengashlari mas’ul xodimlari, faollari, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, tashabbuskor yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlarda partiyaning munosib ishtirokini ta’minlash borasida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining tashkiliy va siyosiy vazifalari muhokama qilindi. Shuningdek, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi hamda Jo‘qorg‘i Kengesidagi “Adolat” SDP fraksiyasining 2019-2024 yillar davomidagi faoliyati yuzasidan hisoboti tinglandi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha umumiy a’zolari soni 64 ming nafarni tashkil qiladi. Ular 481 ta boshlang‘ich partiya tashkilotiga biriktirilgan.
Hisobot davrida partiya faollari “Saylovchi bilan yuzma-yuz” loyihasi doirasida jami 1 ming 575 marotaba uchrashuv tashkil qilib, 17 ming 958 xonadon va 1 ming 282 xo‘jalik yurituvchi sub’ekt huzuriga tashrif buyurgan. Ushbu uchrashuvlar davomida aholidan 1 ming 854 ta murojaat kelib tushib, ular yuzasidan 562 ta deputatlik so‘rovi tegishli tashkilot va idoralarga yuborilib, 1292 tasi ijobiy hal etilgan. Qolgan murojaatlar bo‘yicha huquqiy maslahatlar berilgan.
O‘zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi Nurliboy Qaipbergenov joriy yilning 27 oktyabrida o‘tkaziladigan saylovlarga puxta tayyorgarlik ko‘rilayotgani, o‘tgan davrda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etib, kutilayotgan saylovlarda boshlang‘ich partiya tashkilotlar faolligini oshirish, nomzodlarni o‘rinli tanlash, kuzatuvchi va vakolatli vakillarning siyosiy faolligini oshirishga chuqur e’tibor qaratilayotganini bayon etdi.
Muzokaraga chiqqan partiya faollari va deputatlar Kengash faoliyatini qoniqarli baholadilar. Konferensiya kun tartibidagi boshqa masalalar ham yig‘ilish ishtirokchilarining diqqat markazidan joy oldi va delegatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida O‘zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi Nurliboy Qaipbergenov faoliyati qoniqarli topilib, Kengash raisligiga qayta saylandi va O‘zbekiston “Adolat” SDP Qurultoyiga delegatlar tanlandi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA