Nukusda O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi tashabbusi bilan partiyaning Saylovoldi dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan ommaviy eshituv tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shahar va tuman kengashlari xodimlari, partiya faollari, deputatlar, yoshlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir mamlakatimizda 27 oktyabr kuni o‘tkaziladigan saylovlar oldidan partiyaning Saylovoldi dasturi loyihasini takomillashtirish, aholi vakillaridan takliflar olish maqsadida tashkil etildi. Ishtirokchilarni O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari Islom Hamroyev Saylovoldi dasturi loyihasi bilan tanishtirdi.
Ta’kidlanganidek, har bir siyosiy partiyaning saylovlarda faol ishtirok etishi xalqchil, demokratik tamoyillarga javob beradigan saylovoldi dasturini ishlab chiqish, uni aholiga taqdim etish va keng targ‘ib etishga uzviy bog‘liqdir. Shu maqsadda partiyasi ham joylarda o‘z saylovoldi dasturlari loyihasining jamoatchilik eshituvlari o‘tkazmoqda.
Mazkur partiya ishchilar, yuqori malakali mutaxassislar, byudjet sohasi xizmatchilari, pedagoglar, shifokorlar, ilmiy va muhandis-texnik xodimlar, xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari, shuningdek, kelajagimiz bunyodkori hisoblangan yoshlarni o‘z elektorati deb biladi. Shu bois partiya o‘zining yangi Saylovoldi dasturida ham aynan ushbu qatlam, shu bilan birga har bir vatandoshimizning manfaatidan kelib chiqib, aholi farovonligi, mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan, xalqimizni qiynab kelayotgan ko‘plab dolzarb masalalarning yechimi bo‘yicha aniq taklif va tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Saylovoldi dasturini ishlab chiqish bir yil davomida amalga oshirildi. Bunda “Xalqdan olib, xalqqa beramiz” shiori ostida aholi orasidan olingan 20 mingdan ortiq taklif va g‘oyalarga, partiya Ustavi va shu paytga qadar qabul qilingan asosiy dasturlarning tanqidiy tahliliga, 150 dan ortiq xorijiy davlatdagi sotsial-demokratik yo‘nalishdagi siyosiy partiya va harakatlarning tajribasini o‘rganishga katta e’tibor qaratildi.
Taqdimotda ishtirokchilarning saylovoldi dasturi bo‘yicha fikr va mulohazalari eshitildi, yangi taklif va tashabbuslar o‘rtaga tashlandi. Bildirilgan takliflar ekspertlar tomonidan o‘rganiladigan bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.