Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida «Yer qa’ri to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Mazkur qonun loyihasi yer qa’rini geologik o‘rganish, undan samarali va mas’ullik bilan foydalanish, uni zamonaviy amaliyot bilan uyg‘unlikda muhofaza qilish hamda tizimli nazoratini ta’minlashga qaratilgan. Qonun loyihasi bilan yer qa’ridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalarni berish, hisobotlarni qabul qilish va boshqa sohadagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarida «yagona darcha» prinsipi joriy etilmoqda. Shuningdek, noruda xomashyo konlarini qidirib topish va o‘zlashtirishga oid normalar kuchaytirilmoqda.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi yer osti boyliklarini mas’uliyat bilan geologik jihatdan o‘rganish va ulardan foydalanish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini ishga solish, barqaror yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
Yig‘ilish kun tartibidagi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA