O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, ishga qabul qilish chog‘ida ishga kirayotgan shaxslardan talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati qisqartirilmoqda. Xususan, axborot tizimlaridan olish imkoniyati yaratilgani uchun davlat tashkilotlari va xo‘jalik birlashmalari tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va mehnat daftarchalarni hamda jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasini talab qilish bekor qilinmoqda.

Ushbu tartiblarni o‘z ichiga olgan «O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Muhokamalarda fraksiya a’zolari qonun loyihasi bilan partiya elektorati uchun qator yengilliklar berilayotgani, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinayotganini ta’kidladi. Loyihani yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va takliflarini berdi.

Yig‘ilishda shuningdek, «Xalqaro mehnat tashkilotining haq to‘lanadigan ta’tillar to‘g‘risidagi 132-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1970 yil 24 iyun) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi. Mazkur Konvensiyaning asosiy maqsadi – barcha ishlaydigan xodimlarga dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun ish o‘rni (lavozimi) hamda o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda xodim ishdan ozod etiladigan, xodimga har yili ish yili davomida beriladigan ta’tillarni ta’minlashdan iborat.

Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishga, Xalqaro mehnat tashkilotining hujjatlarida belgilangan mehnat huquqlarini, shu jumladan, dam olish va haq to‘lanadigan ta’tillardan foydalanish huquqlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qiladi.

M.Komilova, O‘zA