Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mas’ullari BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fudjii xonim bilan uchrashdi.

Muloqot avvalida agentlik vakillari mehmonga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan kadrlar siyosati, sohaga oid yangiliklar va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyati haqida ma’lumot berdi.

Bugungi kunda BMT Taraqqiyot dasturi hamda Yevropa Ittifoqining “O‘zbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlari taqdim etishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” qo‘shma loyihasi bilan hamkorlikda qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, davlat xizmatlarini raqamlashtirish sohasida “Litsenziya” axborot tizimi yaratildi. “E-register” apostil tizimi ishlab chiqilib, joriy qilindi. “FHDYO yagona elektron arxivi” ma’lumotlari blokcheyn texnologiyasi asosida to‘liq raqamlashtirildi.

“Litsenziya” axborot tizimida litsenziya, ruxsatnoma va xabardor qilish kabi 78 davlat xizmati to‘liq joriy qilinib, ishga tushirildi.

Uchrashuvda “O‘zbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlari taqdim etishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” loyihasining ikkinchi bosqichi ishga tushirilishi, BMT Taraqqiyot dasturi bilan davlat boshqaruvi va davlat xizmatini rivojlantirish sohasida yangi qo‘shma loyihani ishlab chiqish yuzasidan fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA