Adliya vaziri Akbar Toshqulov Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Taraqqiyot dasturining yangi tayinlangan O‘zbekistondagi vakolatxonasi doimiy vakili Akiko Fujii bilan uchrashdi.
A.Toshqulov A.Fujii xonimni BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi doimiy vakili lavozimiga tayinlangani bilan tabriklab, mas’uliyatli va sharafli xizmatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Adliya vaziri O‘zbekistonda keyingi yillarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilishida mazkur tuzilma ulkan hissa qo‘shib kelayotganini ta’kidlab, o‘z minnatdorligini bildirdi.
A.Fujii O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholab, 8 davlatda o‘z faoliyatini olib borganini, har bir mamlakatda qonun ustuvorligi va hukumatning shaffofligini ta’minlashda Adliya vazirligi muhim o‘rin egallashini kuzatganini qayd etdi. O‘zbekistonda ham vazirlik mazkur yo‘nalishlarda tashabbuskor ekanini e’tirof etdi.
Adliya vazirligi aholiga ochiq va hisobdor organ bo‘lib, inson huquqlarini himoya qilish sohasida o‘z islohotlarini olib borishi hamda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun imkoniyatlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratishi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Tomonlar amalga oshirilayotgan loyihalar va tadbirlar haqida atroflicha fikr almashib, huquq va adliya sohasida o‘zaro istiqbolli hamkorlikni jadallashtirishga kelishib oldi.
N.Abduraimova, O‘zA