Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti davom etmoqda.
Import o‘rnini bosadigan va eksportbop mahsulotlarni ko‘paytirish uchun zamonaviy texnologiyalar zarur. Bunday asbob-uskunalarga buyurtma berib, olib kelishga ko‘p vaqt ketadi.
Lekin, shartnoma muddatidan qat’i nazar sotib olingan uskuna 180 kunda yetib kelmasa, muddati o‘tgan debitor qarzdorlik yuzaga keladi.
Tadbirkorlar uskuna kelmaguncha boshqa import shartnomalariga to‘lovni amalga oshira olmaydi, oldindan to‘lovsiz eksport qilishi mumkin emas, davlat tomonidan belgilangan imtiyoz va subsidiyalardan foydalanishi cheklangan.
Shu munosabat bilan endilikda chetdan uskuna va butlovchi qism olib kelishda shartnoma muddati buzilmasa, muddati o‘tgan qarzdorlik bo‘lmasligi belgilandi.
Shuningdek, ko‘p tadbirkorlar eksport bo‘yicha QQSni qaytarishda ortiqcha to‘siq borligini aytmoqda. Soliq va bojxonani axborot tizimlari bir-biriga ulangan bo‘lsa-da, eksportni tasdiqlaydigan hujjat talab etilayapti.
Bundan buyon, bojxona organining eksportni tasdiqlovchi elektron ma’lumoti QQSni qaytarish uchun asos bo‘ladi, boshqa ortiqcha hujjatlar talab etilmaydi.
O‘zA