Ma’lumki, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq o‘tkazildi. Bunda test sinovlari joriy yil 14–25 iyul kunlari tashkil etildi.
AOKAda tashkil etilgan brifingda Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori maslahatchisi Zohid Shakarov test sinovlari yuzasidan tegishli ma’lumotlarni taqdim etdi.
Mutaxassisga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishning tanlov bosqichi 27–10 avgust kunlari o‘tkazildi. Mazkur muddat davomida abituriyentlarga test sinovlarida to‘plagan balidan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlash imkoniyati berildi.
Tanlov natijalari belgilangan muddatda 17 avgust kuni e’lon qilindi. Natijalarga asosan, 186 ming 871 nafar abituriyent bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga talabalikka tavsiya etildi. Shundan 41 ming 153 nafar abituriyent davlat granti asosida va 145 ming 718 nafar abituriyent to‘lov-kontrakt asosida talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Talabalikka tavsiya etilganlarning 14 ming 230 nafarini imtiyozli qabul parametrlari doirasida qabul qilinganlar tashkil etadi.
Yakuniy tanlov natijalariga ko‘ra, davlat granti asosida o‘rtacha o‘tish bali – 121,7 ni, to‘lov-kontrakt asosida o‘rtacha o‘tish bali – 94,7 ni tashkil etdi. Talabalikka tavsiya etilganlarning 120 ming 845 nafarini joriy yil bitiruvchilari tashkil etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA