Bugungi kunda yurtimizda keng ko‘lamli qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Ammo qurilish jarayonlarida shaharsozlikka oid qonunchilik talablariga qay darajada e’tibor qaratilmoqda? Bunyod etilayotgan ko‘p qavatli turar joylar va ijtimoiy soha ob’ektlarining sifati, seysmik holati talabga javob beradimi?
Ko‘p hollarda 5 qavatga mo‘ljallangan turar joylar 7-8 qavat qilib yoki 9 qavatga mo‘ljallangan binolar 12 qavat qilib yakunlanayotganiga guvoh bo‘lamiz. Bu qanchalik to‘g‘ri? Rejadan ortiq qavatlar qo‘shilishi binoning xavfsizligi, uning kanalizatsiya, suv va elektr tizimlariga ortiqcha yuklama bo‘lmaydimi?
Bundan tashqari, yangi barpo etilayotgan uylarning yon-atrofini obodonlashtirish, bolalar maydonchalarini barpo etish, yetarli darajadagi avtoturargoh bilan ta’minlash masalalari qay darajada hal etilmoqda?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan navbatdagi “Hukumat soati”da shu kabi masalalar ko‘tarildi. Deputatlarning qurilish sohasiga oid savollariga qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri vazifasini bajaruvchi Sherzod Hidoyatov javob berdi.
Sherzod Hidoyatov sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalar ekan, qurilish sohasida shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiluvchi bir qator axborot tizimlari va elektron platformalar ishga tushirilganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, har bir ob’ektning elektron pasporti yaratiladi. Shu paytgacha eski uylarning 80 foizining pasporti shakllantirilgan va 2026 yilgacha barcha ob’ektlarning pasportini shakllantirish ishlari yakunlanadi.
Bugungi kunda deyarli avtomobilsiz xonadon qolmayapti. Ammo ko‘pgina yangi qurilgan uylarda avtoturargohlarning yetarli emasligi muammo bo‘lib qolmoqda. Deputatlarning bu boradagi savollariga vazir vazifasini bajaruvchi quriladigan ko‘p qavatli turar joylar rejasida har bir xonadon uchun yetarli avtoturargoh bo‘lmasa, ularning qurilishiga ruxsat berilmasligini ta’kidladi.
— Joylardagi o‘rganishlarimiz davomida aholining qurilish sohasiga oid ko‘plab e’tirozlari bo‘lgani sababli ushbu vazirlikni “Hukumat soati”da eshitish taklifi bilan chiqdik, — deydi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Gulruh Agzamova. — O‘zimning saylov okrugim bo‘lgan Sergeli va Yangihayot tumanlarida juda ko‘plab qurilishlar amalga oshirilmoqda. Ko‘pincha 4, 7, 9 qavatga mo‘ljallab boshlangan binolarga yana 2-3 tadan qavatlar qo‘shib qurilmoqda. Bu shaharsozlik normalariga qanchalik javob beradi?! Chunki uyning fundamenti, kanalizatsiya va suv quvurlari tizimi rejada belgilangan me’yor asosida bo‘ladi. Qavatlar soni ko‘payishi esa kelgusida suv yetkazib berilishida, kanalizatsiyaning ishlashida muammo keltirib chiqaradi. Qolaversa, eng muhimi, xavfsizlik masalasi ko‘rilmagan bo‘ladi. Uyning seysmik holatlarga bardoshliligiga kim javob beradi?! Shunday ekan, ob’ektlar shaharsozlik normalariga javob berishi, mukammal bo‘lishi kerak. Sohaga oid qonunchilikda bo‘shliqlar bo‘lmasligi lozim. Bu borada deputatlar o‘z takliflarimizni berdik.
Darhaqiqat, xavfsiz va sifatli turar joylar eng asosiy masala. Shunday ekan, sifatli bino va inshootlar barpo etish, ko‘p qavatli uylarda noqonuniy qo‘shimcha qavatlar qurishning oldini olish, boshqaruv servis kompaniyalari va xususiy uy-joy mulkdorlar shirkatlari mas’uliyati va javobgarligini oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Muhtarama Komilova, Doniyor Yoqubov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA