15 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan tasdiqlanayotgan Tadbirkorlik kodeksi 100 dan ortiq qonunchilik hujjatlarini unifikasiya qilish nazarda tutilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
Shuningdek, kodeksda fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi va undan manfaatdor bo‘lishi uchun kafolatlar hamda sharoitlar yaratish, xususiy mulk, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish asosiy vazifa sifatida belgilanmoqda.
Kodeksda tadbirkorlik faoliyatining asosiy prinsiplari unifikasiyalangan holda mustahkamlangan: qonuniylik, tadbirkorlik erkinligi, tadbirkorlik sub’ektlari tengligi, halol raqobat, korrupsiyadan xolilik va boshqalar.
Kodeks bilan tadbirkorlik sub’ektlari kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratilmoqda (amalda toifa sifatida faqat kichik tadbirkorlik sub’ekti mavjud edi).
Yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lmagan faoliyat turlari belgilangan holda ularga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda.
Tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishning chegaralari hamda tartibga solish shakllari belgilanmoqda hamda xalqaro standartlarga muvofiq ayollar va yoshlar tadbirkorligi hamda ularni qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etilmoqda.
Kodeksda ijtimoiy tadbirkorlik, ijtimoiy korxona, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari ro‘yxati va ularni, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning mexanizmlari belgilanmoqda.
Shu bilan birga, kodeksda biznes-inkubatorlarning huquqiy maqomi, maqsad va vazifalari belgilanmoqda hamda davlat korxonalariga raqobatni cheklovchi imtiyoz va preferensiyalar berish taqiqlanmoqda.
Tadbirkorlik kodeksining qabul qilinishi tarqoq qonunchilik hujjatlarini yagona hujjatga birlashtirish, tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarini barqarorlashtirish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvni belgilashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Qonun qizg‘in muhokamadan so‘ng senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun muhokama qilindi.
Mazkur qonun hukumat faoliyatini yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish va uning zamonaviy sharoitda samarali ishlashini ta’minlashga qaratilgan.
Qonun bilan Vazirlar Mahkamasining vazifa va vakolatlariga doir bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar mustahkamlanmoqda. Xususan, ijro etuvchi hokimiyatning iqtisodiyot, byudjet, moliya, soliq, ijtimoiy, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohalaridagi vakolatlari aniq belgilanmoqda.
Shuningdek, Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va vazirlarni lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod etish tartibi, ularning majburiyatlari, vazifalari hamda shaxsiy javobgarligi aniqlashtirilmoqda.
Bundan tashqari, qonunda hukumat faoliyatining mas’uliyati va ochiqligini oshirishga qaratilgan qator muhim o‘zgarishlar aks etgan. Jumladan, Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va vazirlar har yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga mamlakatimiz hayotidagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan hisobot taqdim etishi nazarda tutilgan.
Hukumat faoliyatida ish tartibini soddalashtirish uchun yangicha yondashuvni ta’minlash maqsadida mazkur qonun bilan Vazirlar Mahkamasi doirasidagi barcha masalalar hukumat majlislarida hal etilishi belgilab qo‘yilmoqda.
Shu bilan birga, vazirlarning turli yo‘nalishlar bo‘yicha mas’uliyati va shaxsiy javobgarligi kuchaytirilmoqda.
Jumladan, o‘zi rahbarlik qilayotgan vazirlikda ishni samarali tashkil etishi, biriktirilgan soha va tarmoqlarda yagona davlat siyosatini samarali olib borishi, uni rivojlantirish bo‘yicha natija va oqibatlar uchun shaxsan javobgar bo‘lishi belgilanmoqda.
Qizg‘in kechgan muhokamada senatorlar mazkur qonun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining turli darajalari o‘rtasida izchillik va harakatlarni muvofiqlashtirish tamoyiliga asoslanishi, bu esa samarali davlat boshqaruvining asosiy omili ekanini qayd etdi.
Muhokama yakunida senatorlar qonun davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishda, uning samaradorligi va aholi oldidagi mas’uliyatini yanada oshirishda muhimligini ta’kidlab, uni ma’qulladi.
Shundan keyin yalpi majlisda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonliklar soni oshib bormoqda. Mavjud huquqiy mexanizmlar uning oldini olish hamda jabrlanuvchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda yetarli samara bermayapti.
Oxirgi 3 yilda 2 mingdan ortiq fuqaro sudlar tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan, shundan 86 foizi ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortganligi uchun javobgarlikka tortilgan.
Qonun bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga soladi.
Xususan, zo‘ravonlik tufayli jabrlangan shaxs ariza bilan tegishli vakolatli organlarga yoki sudga murojaat etishi, maxsus markazlarda, shuningdek, bepul telefon liniyasi orqali bepul huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olishi mumkinligi belgilanmoqda.
Qonun bilan ilk bor yangi institut joriy qilinmoqda. Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderi berish tartibi yo‘lga qo‘yilmoqda. Ushbu himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan o‘ttiz kun muddatgacha beriladi va vakolatli davlat organi ishtirokida jabrlanuvchiga topshiriladi.
Agar tahdid hali bartaraf etilmagan bo‘lsa, himoya orderining amal qilish muddati zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakilining arizasiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan bir yilgacha uzaytirilishi mumkin.
Qonunda jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi hamda ma’naviy ziyon kompensatsiyasini talab qilish huquqi aks ettirilmoqda.
Shuningdek, qonunda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, mazkur yo‘nalishda faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar hamda ularning vakolatlari aniq ko‘rsatib o‘tilmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligiga zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi, shuningdek, o‘zlariga nisbatan zo‘ravonlik sodir etish xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish hamda zarur hollarda ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar qo‘llanilishini ta’minlash bo‘yicha vazifalar yuklatilmoqda.
Qonun bilan ota-onalar mas’uliyati yana bir karra oshirilmoqda. Jumladan, ota-onalar bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi hamda zararli ta’sir ko‘rsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilmoqda.
Muhokama jarayonida ushbu qonunning qabul qilinishi bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lish va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Bundan tashqari, yalpi majlisda “Ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari hamda ularning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ulug‘” degan ezgu g‘oya asosida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi, shuningdek, uning huzurida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ish boshladi.
Shu munosabat bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligining vakolatlari, shuningdek, aholini qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan qatlamlariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordam turlarini qonun hujjatlarida aniqlashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur hujjat bilan ayrim qonunlarga Ijtimoiy himoya milliy agentligining zimmasiga dafn etish uchun nafaqani berish vazifasini yuklash, uning xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlarini belgilash, shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga va ma’muriy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod etish bilan bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, qonun bilan kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanishi uchun davolash muassasasining xulosasi talab etilmaydi.
Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga, yolg‘iz yashovchi keksalarga va nogironligi bo‘lgan shaxslarga shahar yo‘lovchi transportidan bepul foydalanish huquqi berilmoqda.
Qonun bilan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar, yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar yo‘qolgan yoxud yaroqsiz holga kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartasi yoki biometrik pasportini almashtirishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinmoqda.
Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga, yolg‘iz yashovchi keksalarga va nogironligi bo‘lgan shaxslarga homiylik qilish uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kiritilishi belgilanmoqda.
Mazkur qonun ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan aholi qatlamlarining manzilli va samarali ijtimoiy himoya qilinishini kuchaytirish, shuningdek, ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda ularning sifatini oshirishga xizmat qilishi senatorlar tomonidan alohida qayd etildi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining davlatlarning kosmik fazoni tadqiq qilish va foydalanish, shu jumladan, Oy va boshqa osmon jismlari (London, Moskva va Vashington, 1967 yil 27 yanvar) faoliyat prinsiplari to‘g‘risidagi Shartnomaga qo‘shilishi to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda kosmik faoliyat jahon hamjamiyatining globallashuvi va axborotlashtirish jarayonida muhim o‘rin tutmoqda.
Dunyoning barcha yetakchi va ko‘plab rivojlanayotgan davlatlari tomonidan kosmik fazoni o‘rganish va undan foydalanish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilib, kosmik salohiyatdan iqtisodiy, mudofaa, texnik, ilmiy, ijtimoiy, madaniy va xalqaro manfaatlarni amalga oshirish uchun foydalanib kelinmoqda.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi xalqaro arenada rivojlangan davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, mustahkamlash, xalqaro huquq normalariga muvofiq milliy manfaatlarini hisobga olgan holda kosmik faoliyatni amalga oshirish, shuningdek, texnologiyalar transferini jadallashtirish maqsadida xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lishi hamda xalqaro huquq normalariga asoslangan hujjatlarni qabul qilishi yoki qo‘shilishi dolzarb masalalardan biriga aylanmoqda.
Ta’kidlanganidek, Shartnoma 1967 yil 10 oktyabrda kuchga kirgan va 2024 yil holatiga ko‘ra, unga 114 ta mamlakat qo‘shilgan.
Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekistonning kosmik fazoni tadqiq qilish va undan foydalanish, kosmosning barcha hududlari va osmon jismlariga erkin kirish, shuningdek, xalqaro kosmik loyihalarda, resurslar va bilimlar almashinuvida qatnashish imkoniyatlarini ochib beradi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik beshinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati