“Qoraqalpoq suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati Xo‘jayli tuman bo‘limida ishlagan fuqaro J.Ikpalov joriy yilning 29 mart kuni asossiz ishdan bo‘shatilgan.
Adolatni tiklash maqsadida u fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudiga ishga tiklab berishni so‘rab murojaat qiladi. Sud uning da’vosini to‘liq qanoatlantirib, ishga tiklash haqida qaror qabul qilgan.
Ushbu qaror bo‘yicha 2024 yil 5 iyun kuni chiqarilgan ijroga asosan “Qoraqalpoq suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyatining joriy yil 29 mart kungi buyrug‘ini bekor qilish, da’vogar J.Ikpalovni shu kundan boshlab aksiyadorlik jamiyatning Xo‘jayli tuman bo‘limi nazoratchisi lavozimiga qayta tiklash belgilangan. Shunga qaramasdan, javobgar aksiyadorlik jamiyat tomonidan ushbu sud qarori ijrosi ta’minlanmagan.
Shundan so‘ng fuqaro sud qaroriga asosan chiqarilgan ijroni ta’minlab berishni so‘rab, Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limiga murojaat qildi. Bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari natijasida, fuqaro J.Ikpalov joriy yilning 9 avgust kuni aksiyadorlik jamiyati direktori buyrug‘iga asosan o‘zining avvalgi ish o‘rniga qayta tiklandi va sud qarori ijrosi amalda ta’minlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.