Eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani sektorlar rahbarlari, tegishli tashkilotlar mas’ullari eng olis hudud “Chuqurqoq” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi bilan uchrashib, ularning murojaat va muammolarini o‘rgandi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, mazkur hudud aholisi fikr-mulohazalaridan ularning bugungi hayotidan mamnun ekanliklarini anglash mumkin. Bugungi kunga shukrona qilib yashayotgan chekka hudud aholisiga har qancha tasanno aytsang arziydi, Ayollaridagi ibo va latofat, kamtarinlik, milliylikni ko‘rib qadimiy ajdodlarimizdan kelayotgan urf-odatlar saqlanganining guvohi bo‘lasiz.
So‘nggi yillarda “Chuqurqoq” mahallasida ko‘pgina ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, hududda bozor yarmarkasi doimiy tashkil qilinib kelinmoqda. Ovuldagi kam ta’minlangan 6 ta xonadonga, maktabgacha ta’lim muassasasi, ovul shifokorlik punktiga quyosh paneli o‘rnatib berildi. Ellikqal’a tumani markaziga qatnash uchun avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, bolalar uchun yangi “Workout” maydonchasi qurib bitkazildi. Suvni filtrlovchi EKOSning 3 dona dvigateli ta’mirlandi. Kadastri yo‘q bo‘lgan xonadon egalariga hujjatlari rasmiylashtirib berilgan. Ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha ishlar amalga oshirilgan. Shuningdek, fuqarolar murojaati asosida yangi maktab foydalanishga topshirildi.
Mahalla yoshlari bilan uchrashuv o‘zgacha yuqori kayfiyatda o‘tkazildi. Ular tomonidan berilgan har bir murojaat sektor rahbarlari nazaridan chetda qolmadi. Uchrashuv so‘nggida hudud yoshlariga kitoblar, o‘quv qurollari, maktab formalari va sport anjomlari sovg‘a qilindi.
Tashrif davomida tuman hokimi V.Niyazimbetov tomonidan hududda faoliyat yurituvchi maktabgacha ta’lim tashkiloti, oilaviy shifokorlik punkti, umumta’lim maktabi, toza ichimlik suvi ishlab chiqaruvchi EKOS faoliyati o‘rganildi. Xalqni qiynayotgan muammolar nazoratga olindi.
Shu kuni hududda arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi tashkil qilindi. Mahalla aholisi xalq ehtiyoji uchun zarur maktab kiyimlari, oziq-ovqat mahsulotlari olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Tuman aholisi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tajribali shifokorlar tomonidan ularga tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Albatta, o‘zlariga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibordan “Chuqurqoq”da istiqomat qilayotgan insonlarning ko‘ngillari tog‘dek ko‘tarildi. Ularning har biri davlatimiz va hukumatimiz e’tiborida ekanligini chuqur his etdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yillik bayrami arafasida tashkil etilgan ezgulikka yo‘g‘rilgan mazkur tadbirlar jamiyatimizda mehr-oqibat, odamiylik, ezgulik kabi fazilatlarni yanada kuchaytirishi bilan birga barchani savob ishlar sari undamoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.