Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimiz iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishi hamda bandligini ta’minlashga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 mart kungi “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, “Ayollar daftari” – ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasini yuritish maqsadida “Ayollar daftari”ning 5-bosqichi shakllantirildi.
– Joriy yil 14 iyul kuniga qadar 40 nafar mahalla xotin-qizlar faoli tomonidan xonadonma-xonadon yurib, oilalar bilan birma-bir so‘rovnomalar o‘tkazildi, – deydi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Sayyora Qoziyeva. – O‘rganilib chiqilgan so‘rovnomalar natijasida 88 ming 102 nafar xotin-qizning balansi yangilandi. Tumandagi barcha mahallalarga biriktirilgan ishchi guruhlar tomonidan 5-bosqich “Ayollar daftari”ga kiritish maqsadida xatlov o‘tkazish ishlari yakunlandi. Sektorlar rahbarlarining taklifiga ko‘ra ushbu bosqichda “Ayollar daftari”ga jami 5 930 nafar xotin-qiz kiritildi. Asosiy va qo‘shimcha yordamlar ko‘rsatish uchun “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Unga muvofiq 3 ming 314 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlanib, 94 nafariga kredit mablag‘i ajratildi va o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish uchun yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga, uy-joyga muhtoj, qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand 500 nafarga yaqin xotin-qizga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ularning tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, qulay sharoitlar yaratib berish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Beruniy ovul fuqarolar yig‘inida 3 ming 157 nafar xotin-qizning ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, yil boshidagi xatlov asosida 5-bosqich “Ayollar daftari”ga 218 nafar xotin-qiz kiritilgan. Hududda “Ayollar daftari”ning 6 ta toifasi bo‘yicha o‘rganishlar olib borilib, bu borada amalga oshirilayotgan natijali ishlar ko‘zni quvontiradi.
Hududlarda hokim yordamchilari tomonidan “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turgan xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilayotgani fikrimizning dalilidir. “Birlik” mahallasida 2 ming 354 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalla hokim yordamchisining tavsiyasiga asosan 57 nafar fuqaroga imtiyozli asosda 1 milliard 212 million so‘m kredit ajratilgan bo‘lsa, shundan 37 nafar xotin-qizga tadbirkorlik faoliyati uchun kredit mablag‘lari ajratilgan.
Tuman hududida xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularning daromadini oshirish, eng asosiysi bugungi kundan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlash borasidagi xayrli ishlar davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.