Fransiya poytaxti Parij shahrida o‘tayotgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqalarida Bahodir Jalolov yarim final bosqichida ringga ko‘tarildi.

Vazni 92 kilogrammdan ortiq bo‘lgan erkaklar o‘rtasidagi bahslarda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Bahodir germaniyalik Nelviy Raman Tiafakka qarshi ringga ko‘tarildi.

Keskin va murosasiz o‘tgan bahsda bokschimiz metin himoya va aniq zarbalar evaziga ushbu jangda g‘alaba qozondi.

Shu tariqa, finalga yo‘l olgan B.Jalolov 11 avgust kuni so‘nggi hal qiluvchi final jangida ispaniyalik Ayyub Gadfaga qarshi raqobatlashadi.

Eslatib o‘tamiz, Bahodir Jalolov ushbu vazn toifasida amaldagi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi hisoblanadi. U “Tokio-2020” Olimpiya o‘yinlarida barcha raqiblarini yengib, oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA