DIQQAT! Toshkentda jahon chempionati start olmoqda

Bugun, poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida yana bir yirik sport tadbiri – og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Jahon chempionati start oladi. Ushbu nufuzli musobaqada Jahonning 50 ga yaqin davlatidan 350 dan ortiq sportchi va murabbiylar, mutaxassislar ishtirok etadi.
Bungacha poytaxtimizda musobaqa doirasida bir qator tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi, shuningdek, navbatdagi Kongress ham tashkil etildi.
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi ushbu musobaqada 20 nafarli asosiy tarkib bilan qatnashmoqda.
Ular orasida kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionati sovrindori Adham Ergashev, bir necha bor Osiyo chempionatlari g‘olib va sovrindorlari Saidmuxtor Saidahrorov, Akbar Jo‘rayev, Muhammadali Qahramonovlar bor. Umuman, tarkibdagi deyarli barcha atletlarimizda xalqaro maydon tajribasi yetarli. Qizlarimizning imkoniyatlari ham yomon emas. Zero, tarkibdan Kumush Fayzullayeva, Gulnoza Ahmadova, Dolera Davronova, Tursunoy Jabborova singari nufuzli xalqaro musobaqalar g‘olib va sovrindorlari o‘rin olishgan. Shuni alohida qayd etib o‘tish lozimki, Kumush va Gulnoza bungacha o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionati medallarini qo‘lga kiritishgan.
Jahon chempionatida ishtirok etuvchi O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari:
Yigitlar
-62 kg: Muhammadali Kahramonov
-69 kg: Adhamjon Ergashev
-69 kg: Hakimjon Shamsiddinov
-77 kg: Muhammadqodir Toshtemirov
-77 kg: G‘ayrat Aytmuratov
-85 kg: Zaynobiddin Mahamadaminov
-94 kg: Azimjon Xojiyev
-105 kg: Akbar Jo‘rayev,
-105 kg: Saidmuxtor Saidahrorov
+105 kg: Shaxmerdan Kemalov.
Qizlar:
-48 kg: Zuhra Otajonova
-58 kg: Sayyora Yesbergenova
-63 kg: Kumushxon Fayzullayeva
-69 kg: Zarnigor Abdurahmonova
-69 kg: Layloxon Xursanova
-69 kg: Bazargul Rambergenova
-75 kg: Gulnoza Ahmadova
-75 kg: Tursunoy Jabborova
-90 kg: Dolera Davronova
-90 kg: Shodmonoy Ochilova.
Ma’lumot uchun: Ushbu yosh toifasi, ya’ni 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi Jahon chempionati o‘tgan yili Yaponiya poytaxti Tokio shahrida tashkil etilgan. O‘shanda Farhod Sobirov -94 kg vazn toifasida barcha chiqishlar bo‘yicha eng yuqori natija ko‘rsatib, uchta oltin medalga sazovor bo‘lgandi. Shahzod Xudoyberganov esa 77 kilogrammgacha bo‘lgan atletlar o‘rtasida siltab ko‘tarish va ikkikurashda ikkita kumush medalni qo‘lga kiritgan.
Umuman olganda, keyingi 5 yil davomida hamyurtlarimiz doimiy ravishda Jahon chempionatlarida turli medallarga egalik qilib kelishmoqda. Demak, yigit-qizlarimiz oldida ana shu yoqimli an’anani munosib davom ettirishdek mas’uliyatli vazifa turibdi.
Yoningizda bo‘lsa, 2013-yilgi o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionati ham Toshkentda o‘tkazilgandi. Unda dunyoning 17 yoshgacha bo‘lgan eng sara polvonlari g‘oliblik uchun kurash olib borishgan. 20 yoshgacha bo‘lgan atletlar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga esa mamlakatimiz poytaxti birinchi marta mezbonlik qilmoqda.
Bugundan boshlab musobaqalarga rasman start beriladi. Unda ayollar o‘rtasida -48kg, erkaklar o‘rtasida esa -56 kg vazn toifasida dastlabki sovrindorlar aniqlanadi.
Bahslar 14-iyulga qadar davom etadi.

 

O.Yunusov, O’zA