Qoraqalpog‘iston Respublikasida fuqarolarning sud-huquq sohasidagi murojaatlariga samarali yechim topish uchun yanada qulay sharoit yaratish maqsadida Oliy sud raisining o‘rinbosari Shuhrat Polvonov boshchiligidagi ishchi guruh ishtirokida ommaviy sayyor qabul tashkil etildi.
Ellikqal’a tumanida o‘tkazilgan qabulda 60 nafarga yaqin fuqaroning fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy va ma’muriy yo‘nalishdagi masalalari yuzasidan murojaatlari tinglandi. 26 ta murojaatga huquqiy tushuntirish berildi, 28 ta murojaat qanoatlantirildi, 4 ta shikoyat va ariza qonuniy ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi. Jumladan, sayyor qabul davomida probatsiya hisobida jazo muddatlarini o‘tayotgan mahkumlarning ham murojaatlari ko‘rib chiqilib, tuman ichki ishlar bo‘limi rahbari tomonidan keltirilgan iltimosnomalar ochiq sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi hamda 24 nafar mahkumning o‘talmay qolgan jazo muddatlari shartlisiga almashtirildi. Ikki nafar fuqaro oqlandi.
Murojaatlarning 28 tasi shu yerning o‘zida mas’ullar bilan ijobiy hal etilgan bo‘lsa, ba’zi murojaatlar yuzasidan tushuntirish berildi. Ijrosi muddat va qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan murojaatlar mas’ullarga yo‘naltirilib, sud raislari tomonidan ijrosi nazoratga olindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri