Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizmni yanada rivojlantirish bo‘yicha ustuvor masalalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi va sohadagi tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazilmoqda.
2023 yil Samarqandda o‘tgan Global turizm investitsiya forumida 2,3 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan edi. Lekin ayrim loyihalar bo‘yicha ishlar sust ketayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, Namangan, Andijon, Toshkent, Xorazm, Farg‘ona viloyatlari va poytaxtdagi loyihalarga haligacha yer tanlanmagan. Sirdaryo va Jizzaxda xorijiy hamkorlarga birorta loyiha taklif qilinmagan.
Shu bilan birga, ishlar to‘g‘ri tashkil etilgan hududlarda natija bor. Masalan, xorijiy investorlar bilan Shahrisabz tumani G‘elon va Sarchashma qishloqlari orasida 3 ming gektarlik tog‘-chang‘i kompleksini tashkil qilish, Miraki qishlog‘ida turizm zonasini barpo etish ishlari boshlandi.
Iqlimi, tabiati Shahrisabzga o‘xshash bo‘lgan Ohangaron, Urgut, Yangiqo‘rg‘on, Pop, Chortoq, Baxmal tumanlari hokimlarida bu borada birorta tashabbus yo‘qligi tanqid qilindi.
O‘zA