O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Toshkent Fotosuratlar uyida mustaqilligimiz asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma hamda uning portretini yaratish bo‘yicha ijodiy tanlov natijalariga bag‘ishlangan badiiy ko‘rgazma ochildi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning shu yil 25-yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan tadbirda keng jamoatchilik vakillari, san’atshunoslar, musavvirlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Fotoko‘rgazma va ijodiy tanlov O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamkorligida tashkil etildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov, O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomi V.Burmakin va boshqalar o‘zining serqirra siyosiy faoliyati bilan Vatanimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning yorqin xotirasini abadiylashtirish yurt ravnaqi va kelajak avlodning komil insonlar bo‘lib ulg‘ayishi hamda san’at ahli, xususan, foto va tasviriy san’at yo‘nalishlarida izlanayotgan ijodkorlarning ijodiy faolligini oshirish va qo‘llab-quvvatlashda muhim ijodiy imkon ekanini ta’kidladi.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan joy olgan “Islom Karimov g‘allazorda”, “Islom Karimov yoshlar davrasida”, “Said Ahmad va Islom Karimov”, “Islom Karimov san’atkorlar davrasida”, “Islom Karimov harbiylar davrasida”, “Islom Karimov va Vladimir Putin”, “Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev” kabi qirqqa yaqin saralangan suratlarda Birinchi Prezidentimizning sermazmun hayoti va faoliyati aks etgan.
Ko‘rgazma doirasida Birinchi Prezidentimizning portretini yaratish maqsadida joriy yilning 31-iyuliga qadar o‘tkazilgan ijodiy tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
– Bu ijodiy tanlovga professional rassomlar qatorida havaskor ijodkorlar ham qatnashib, xalqimiz va biz, musavvirlar uchun nihoyatda qadrli va ardoqli bo‘lgan Islom Karimov siymosini tasvirlarda berish imkoniga ega bo‘ldik, – deydi O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomi Bahodir Jalolov. – «Qahramon», «Yangi kunni ardoqlab», «Muhabbatdan yuksak muhabbat yo‘q», «Yorug‘likning tun bilan kurashi» va «O‘zi bilan o‘zi yuzma-yuz» deb nomlangan chizmalarimda mustaqillik yillarida Islom Karimov va xalqimiz bosib o‘tgan sharafli yo‘lni falsafiy tasvirlashga urindim. Tanlov g‘olibi bo‘lganimni buyuk shaxsga chin ma’nodagi mehr-muhabbatim ifodasi, deb bilaman.