Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tavush viloyatidagi Ozarbayjon qishloqlari masalasi bo‘yicha yuzaga kelgan keskin vaziyatni yumshatish uchun iste’foga chiqishga qaror qildi, deb yozdi mamlakatda chiqadigan “Joxovurd” nashri.

“Bu Pashinyan uchun ham, uning partiyasi uchun ham najotdir”, – ta’kidlangan xabarda.

2024-yil 10-sentyabrda navbatdan tashqari parlament saylovi o‘tkazilishi  rejalashtirilgan. Hukumatga qarashli “Bagramyan-26” ijtimoiy tarmoq sahifasi ushbu xabar 1-aprel hazili ekanini aytdi.

***

Erdog‘anning maslahatchisi Mehmet Uchum muddatidan avval prezident saylovi bo‘lmasligini ta’kidladi.

 Mahalliy hokimiyat idoralariga saylov natijasidan kelib chiqib, Prezident va parlament saylovidan umid qilayotganlar bekorga urinmasligi kerak– deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. 2028-yilgacha Turkiyada barcha sohada siyosiy islohot o‘tkaziladi. Prezident Erdog‘an Turkiyani yangi bosqichga boshlaydi. Bu borada hech kimda shubha bo‘lmasin.

***

Qozog‘iston birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani Qayrat Sotiboldiulu Ostona sudida jinoiy yo‘l bilan topilgan pulni qonuniylashtirish bilan shug‘ullanganini to‘liq tan oldi, deb xabar tarqatdi respublika oliy sudi ijtimoiy tarmoq orqali.

2022-yil  sentyabr oyida sud Sotiboldiuluni talon-taroj qilganlikda ayblab, olti yillik qamoq jazosiga hukm qilgan. Shu sababli aybdor bugun sud jarayoniga onlayn tartibda qo‘shildi.

***

Moldovada boshlangan JCET-2024 o‘quv mashqida AQSH va Ruminiya askarlari ishtirok etmoqda, deyilgan respublika Mudofaa vazirligi matbuot xizmati tarqatgan xabarda.

Mashg‘ulotdan ko‘zlangan maqsad moldovalik, ukrainalik va AQSH maxsus topshiriq bo‘yicha jangchilarining birgalikdagi tayyorgarligini tashkil etish, tajriba almashish, shuningdek tezkor muvofiqlashuv darajasini oshirishdan iborat.

***

Fransiya Xitoydan Ukraina masalasida Rossiyaga aniq signal jo‘natishini kutib qoladi, deya bayonot berdi mamlakat tashqi ishlar vaziri Stefan Sejurne. U xitoylik hamkasbi Van I bilan birga o‘tkazilgan qo‘shma konferensiyada ushbu bayonotni berdi, deyilgan “Frans Press” agentligi axborotida.

Sejurne ta’kidlashicha, tinchlik xalqaro huquqqa muvofiq kelmasa, yevropaliklar xavfsiz bo‘la olmaydi.

***

Yevropaga nisbatan harbiy tahdid paydo bo‘lsa, AQSH yordamga kelmaydi, dedi GFR mudofaa konserni – “Rheinmetall” rahbari Armin Papperger “Financial Times” gazetasiga intervyu berarkan.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi o‘n yiliklar Yevropa harbiy tahdid paydo bo‘lsa, AQSH yordamga keladi, deb hisoblardi.

– Endi bunday bo‘lmaydi, – dedi Papperger. – AQSH ittifoqchilarini himoya qilish uchun pul bermaydi, balki ko‘proq e’tiborini Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga qaratadi.

Papperger Yevropa mamlakatlarini amerikaliklarga raqobatbardosh bo‘lish uchun mudofa kompaniyalarning yanada yirik guruhlarini tashkil qilishga chaqirdi.

***

Turkiyada bo‘lib o‘tgan mahalliy boshqaruv idoralariga saylov natijasi iqtisodiy muammolar tufayli mamlakat hukumati uchun jiddiy ogohlantirishdir, deb yozdi “Hürriyet” gazetasi.

Maqolada, jumladan, shunday deyilgan:

– 10 oydan so‘ng bo‘lib o‘tgan saylovda Erdog‘an uchun ovoz berishmadi, endi manzara butunlay o‘zgardi. Nima uchun? Fuqarolar hukumat e’tiborini iqtisodiy muammolarga qaratishni istadi. Bu jiddiy ogohlantirish!

***

G‘azo sektorida halok bo‘lgan isroillik askarlar soni 600 nafarga yetdi, deb xabar tarqatdi “Frans Press” mamlakat armiyasi ma’lumotiga tayanib.

– Armiya 20 yoshli Nadav Koenning o‘limi haqida, shuningdek jami halok bo‘lganlar 600 kishiga yetganini ma’lum qildi, – deb yozgan agentlik.

***

Qozog‘istonda suv toshqini natijasida 11 ming kishi yashab turgan uyidan xavfsiz joyga ko‘chirildi, deb yozdi “TASS” agentligi Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotiga tayanib.

Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, keng ko‘lamli suv toshqini tufayli Oqto‘be, Ko‘stanay, G‘arbiy Qozog‘iston, Abay, Ulitov va Akmola viloyatlarida favqulodda holat tartibi e’lon qilingan.

***

Elektromobil uchun akkumulyator ishlab chiqaradigan dunyodagi eng yirik korxona – Xitoyning CATL kompaniyasi ma’lum qilishicha, bu yil korxona ishlab chiqarayotgan akkumulyator narxi 50 foiz arzonlashadi.

“The Asia Times” yozishicha, CATL va bozorning yana bir yetakchisi BYD endi elektromobil akkumulyatori tayyorlashda kobaltdan foydalanmaydi. Ushbu metall kamyob va qimmat bo‘lib, asosan Kongo Demokratik Respublikasida bolalar mehnatidan foydalanib qazib olinar ekan.

***

8-aprelda Quyosh tutilishi yuz beradi, hodisa davomiyligi besh soatga cho‘ziladi, deyilgan TASS agentligi xabarida.

Eng uzoq tutilish Meksika shimolida kuzatiladi. Ushbu tabiat hodisasiga AQSH va Kanada aholisi ham guvoh bo‘ladi.

S.Rahimov, O‘zA