BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish musulmonlar uchun muqaddas hisoblangan Ramazon oyi boshlanishi munosabati bilan G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.
– Ramazon boshlanishiga qaramay, G‘azoda qotillik, portlash va qirg‘in davom etmoqda, – dedi u Nyu-Yorkdagi BMT qarorgohida o‘tkazilgan brifingda. – Bu oy tinchlik, murosa va hamjihatlik qadriyati ramzi. Bugun men Ramazon ruhiga ko‘ra, qurollarni o‘chirish va hayotni saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan yordamni tezroq yetkazib berish yo‘lidagi barcha to‘siqlarni olib tashlashga qat’iy chaqiraman. Endi butun dunyoning, tarixning nigohi bizda, bu holatni inkor qila olmaymiz. Oldini olish mumkin bo‘lgan o‘lim holatlari bartaraf etilishi uchun chora ko‘rishimiz kerak.
Uning fikricha, G‘azoga juda kam gumanitar yordam yetib kelyapti, hududda xalqaro insonparvarlik qonuni buzilyapti.
Tashkilot rahbari eksklav janubidagi Rafoh shahriga quruqlikdan uyushtirilgan hujum “g‘azoliklarni do‘zax doirasiga yanada chuqurroq olib kirishi” mumkinligidan ham ogohlantirdi.