Misrning “Fuqaro” nashri xotin-qizlarning fan va texnologiya sohasida muvaffaqiyatga erishishini qo‘llab-quvvatlovchi “Women in Tech” (Ayollar texnologiya sohasida) notijorat tashkiloti mamlakatimizda ham faoliyatini yo‘lga qo‘ygani haqida yozdi.

Maqolada qarorgohi Parijda joylashgan, 48 mamlakatda bo‘limi mavjud mazkur tuzilma Markaziy Osiyo davlatlari ichida birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda ish boshlagani ta’kidlangan.

Muallif raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimi zamonaviy kasblar orqali xotin-qizlar salohiyatini ochib berishga qaratilgan “Women in Tech” tuzilmasi loyihalari bilan yaqindan tanishishga imkon yaratgani xususida so‘z yuritgan.

– Tadbirda dunyodagi Top-100 yetakchi ayollar ro‘yxatiga kirgan maxsus mehmon – kompaniya asoschisi, xotin-qizlar imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha xalqaro ekspert Ayumi Mur Aoki ham ishtirok etdi, – deb yozgan muallif. – Uning ta’kidlashicha, “Women in Tech” hozir 200 mingdan ko‘p a’zoga ega, 2030-yilgacha 5 million ayol va qizni STEAM (kompyuter o‘yinlari va dasturlari uchun onlayn raqamli tarqatish xizmati)da birlashtirishni maqsad qilgan. Nashr yurtimiz ayollari va qizlar uchun mazkur sohada yaratilgan imkoniyatlar, texnologiya yo‘nalishidagi ayrim muammolar, jumladan gender masalasi muhokama etilgani, ishtirokchilar yetakchi texnologiya kompaniyalarining muvaffaqiyatga erishish yo‘lidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashgani, shuningdek axborot texnologiyalari sohasida tanilgan insonlar bilan suhbatlashib, o‘zaro fikr almashganiga ham e’tibor qaratgan.

Muharrama Pirmatova,

O‘zA