Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi (UNA-OIC) hamda “VIORY” video axborot agentligi hamkorligida tashkil etilgan onlayn vebinarda IHTga a’zo davlatlar axborot agentliklari va boshqa ommaviy axborot vositalaridan 200 ga yaqin rahbar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbirni Falastin davlatidagi rasmiy OAV bosh nazoratchisi, vazir Ahmad Assof “Falastin yangiliklarini tekshirish va yig‘ish muammosi” mavzusidagi virtual o‘quv kursi bilan ochib, shaffof, xolis mavzu tanlash juda muhimligiga to‘xtaldi. U G‘azo sektoriga tajovuz oqibatida shu kungacha 120 dan ziyod falastinlik jurnalist umri xazon bo‘lganini ta’kidladi.
Falastinlik vazir jurnalistlar ishlayotgan sharoit og‘ir va murakkab ekaniga e’tibor qaratdi. Barcha xalqaro ommaviy axborot vositalarini falastinlik jurnalistlar hayoti, uyi va oilasi xavfsiz holatda ishlashiga imkon berish uchun harakat qilishga chakirdi.
IHT axborot agentliklari ittifoqi Bosh direktori vazifasini bajaruvchi Muhammad bin Abd Rabbo Al-Yamiy vebinar tuzilmaning jurnalistlar bilan bog‘liq qiyinchiliklarni yoritishga qaratilgan sa’y-harakati doirasida tashkil etilganini aytdi.
Falastinlik jurnalistlar G‘azoda kasbiy burchini bajarayotib, ayanchli sharoitda qurbon bo‘layotganini qayg‘u bilan tilga oldi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu seminar OAVdagi noxolis ma’lumotga qarshi kurashish, soxta kontentni aniqlash va tarqatishga qarshi kurashish bo‘yicha zarur ko‘nikma berish yo‘lidagi sa’y-harakat doirasida tashkil qilingan. Ittifoq tomonidan bu borada OAV, ayniqsa, Falastin masalasida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishiga qarshi kurashish uchun maxsus platforma ishga tushirilganini ta’kidladi.
Falastin axborot agentligi (Wafa) muxbiri Sami Ab-u Salim falastinlik jurnalistlar faoliyati davomida duch kelayotgan qator qiyinchiliklarni sanarkan, eng jiddiy muammolardan biri sifatida jurnalistlarning muayyan hududga joylasha olmasligini qayl etdi va shaxsan o‘zi 7 marta ko‘chganini misol keltirdi.
Jurnalist ta’kidlashicha, “Wafa” agentligi asosiy e’tiborni aniqlikka qaratadi. Qurbonlar yoki shahidlar sonini e’lon qilishda Falastin sog‘liqni saqlash tizimi boshchiligidagi rasmiy idoralar tomonidan berilgan ma’lumotlarga tayanadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA