Qarorgohi Seul shahrida joylashgan BMT ECOSOC tuzilmasi huzuridagi “Yuksak madaniyat, butun dunyoda tinchlik va ziyo tarqatish” (HWPL) xalqaro tashkiloti o‘tkazgan tinchlik jurnalistikasi bo‘yicha onlayn tadbirda 49 mamlakat ommaviy axbort vositalaridan 160 vakil ishtirok etdi.

– “Mojarolarni to‘xtatishga media nigoh tinchlik jurnalistikasi g‘oyasini o‘zaro baham ko‘rishga yo‘naltirilgan mazkur anjuman xalqaro media tarmog‘ining jamoaviy ovozini aniqlash va kelgusi harakat uchun reja taklif etishni nazarda tutadi, – deydi tuzilmaning MDH bo‘yicha matbuot xizmati rahbari Mariya Zaxarchenko O‘zA muxbiriga. – Maqsadimiz dunyo ahlini tinchlikka chaqirish.

Tadbir ishtirokchilari tinchlikni mustahkamlashda medianing ahamiyati, tinchlik va tinchlik jurnalistikasi hamda global xavfsizlikka erishish kabi mavzularda ma’ruza qilishdi.

Videokonferensiya orqali so‘zga chiqqanlar tinchlik jurnalistikasi mojaro va kelishmovchiliklarning nozik chiziqlaridan o‘tib, aniqlik mayog‘i va hamdardlik vositasiga, mazmunli o‘zgarish uchun katalizatorga aylanishini ta’kidladilar. Jumladan, tinchlik jurnalistikasi ochiq muloqot kanali sifatida rivojlanib, turli nuqtayi nazarlar uchun platforma taqdim etmoqda, mojaroning ko‘p qirrali tabiatini tavsiflash, muammoni hal qilish bilan bog‘liq chuqur hamkorlikni rivojlantirish taklifini ilgari surmoqda.

Masalan, “Jambidaily.com” nashri bosh muhariri Xendri Nursal tinchlik jurnalistikasida axloq kodeksi muhimligiga urg‘u berarkan, jurnalistlar tadbirlarda qatnashishi kerakligi, OAV ishonchli axborot manbai bo‘lib qolishga intilishi va axloq kodeksi kabi qoidalarga muvofiq, ma’lumotni professional tarzda taqdim etishi zarurligi xususida to‘xtaldi. Mutaxassis fikricha, bu jurnalistning kasbiy faoliyati, xususan axborotni izlash va taqdim etishdagi mas’uliyatini kafolatlaydi.

Rossi – Ukraina ziddiyati global xavfsizlikka tahdid solayotgani ma’lum. Ukrainalik huquqshunos jurnalist Igor Sheviryov o‘z chiqishida barchaning e’tiborini tinchlik jurnalistikasining mojarolarga barham berishdagi o‘rniga qaratdi.

– Ta’kidlash joiz, global xavfsizlikni mustahkamlashda davlat ta’sirli vosita hisoblanadi, – dedi u. – Shu bilan birga ayni yo‘nalishda harakat qilish fuqarolik jamiyati va fuqarolik jamiyati institutlarining ham vazifasi bo‘lmog‘i kerakTinchlik jurnalistikasi tomonlar o‘rtasida aloqa o‘rnatishga yordam beradi.

Hamarpahura.com” sayti asoschisi va muharriri Lok Bahodur Choudxari tinchlik o‘rnatishga nisbatan amaliy yondashuvni taklif qilib, jumladan, shunday dedi:

– Biz nafaqat xabardorlikni yaratamiz, balki odamlarni tinchlikka intilishda faol ishtirok etish, tinch dunyoni yaratishni tezlashtirishga ilhomlantiramiz. Tinchlikni saqlash bo‘yicha global tadbirlar haqida muntazam hisobot har oy har bir davlatda tayyorlanishi kerak.

Onlayn tadbirda ijtimoiy tarmoq xususida ham gap bordi. Ijtimoiy tarmoq turli madaniyat va qatlamga mansub odamlarga bir-biri bilan bevosita muloqot qilish imkonini yaratadi. Ushbu raqamli platformada hamkorlik vositasidan samarali foydalanilsa, tinchlikka, bir-birini tushunishga erishish uchun birga ishlaydigan global hamjamiyatni yaratish oson kechadi.

Tadbir ishtirokchilari tinchlik jurnalistikasi o‘z mazmuni va tamoyiliga ko‘ra, mojaroni imkon darajasida muzlatish, muloqotni rivojlantirish va jamiyatda tinchlik o‘rnatishga yordam berishdan iborat jurnalistik amaliyot ekanini e’tirof etishdi.

Ta’kidlash joiz, mazkur tadbir tashabbuskori HWPL tashkiloti butun dunyo bo‘ylab nafaqat jurnalistika, balki tinchlik ta’limi, dinlararo muloqot, yoshlar va ayollar faoliyati, tinchlik uchun xalqaro huquqni o‘rnatish kabi muhim yo‘nalishlarda ilg‘or tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Tinchlik jurnalistikasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan navbatdagi onlayn tadbir esa tuzilmaning barcha ommaviy axborot vositalarini barqaror tinchlik yo‘lida birlashgan global jamiyat yaratishda faol ishtirok etishga yana bir chaqirig‘idir.

Saidmurod Rahimov, O‘zA