Jahon Banki iqtisodiyot va byudjet sohasiga oid qonun loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining “facebook”dagi sahifasidagi xabarda aytilishicha, kuni kecha institut direktori Rahimjon Hakimov hamda Jahon Bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan.
Muzokaralar davomida tomonlar o‘zlarini qiziqtirayotgan masalalar yuzasidan fikr almashish barobarida iqtisodiyot va byudjet sohasiga oid qonun loyihalarini tayyorlash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan qonun va me’yoriy hujjatlar ijodkorligi jarayoniga xalqaro ekspertlarni jalb qilish masalalarini muhokama qilishgan.
Xideki Mori davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning AQSHga amalga oshirgan rasmiy tashrifi chog‘ida Jahon Banki prezidenti Jim Yon Kim bilan uchrashuvini yuqori baholagan holda o‘zaro munosabatlarda yangi davr boshlanganini alohida ta’kidlab o‘tgan.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan Jahon Bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatildi, deyiladi xabarda.

 

Ulug‘bek Shonazarov tayyorladi, O‘zA