Xitoyning Xanchjou shahrida 2023 yilning 22-28 oktyabr kunlari IV Paraosiyo o‘yinlari o‘tkazilgani va unda o‘zbek paralimpiyachilar erishgan muvaffaqiyatlarni yodga olsak, albatta, qalbimiz faxr va iftixorga to‘ladi.
Umuman olganda mamlakatimizda imkoniyati cheklangan yoshlarimizning turli sohalarda, ayniqsa, sportda erishayotgan yutuqlari zamirida, ularga yaratilayotgan ulkan imkoniyat va sharoitlar yotibdi. So‘nggi yillarda yurtimizda paralimpiya harakatiga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasida jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar sport bilan shug‘ullanmoqda va o‘zlari tanlagan sport turlari bo‘yicha yuksak marralarni egallamoqda. Jumladan, para taekvondochilarimiz qit’a va jahon chempionatlari, Paraosiyo hamda Paralimpiya o‘yinlarida erishayotgan yutuqlar soni yil sayin ortib bormoqda.
Ana shunday ulkan marralarni zabt etayotgan yoshlarimiz orasida Asadbek Toshtemirov ham bor. Bekobod shahri o‘g‘loni Asadbek bolaligidanoq tengdoshlari o‘rtasida ajralib turar, oldinga ulkan maqsadlarni qo‘yar, ushbu maqsadlari amalga oshishida sportning o‘rni kattaligini his qilar edi. U 2012 yilda para taekvondoning ilk sir-asrorlarini birinchi murabbiyi Abror Karimovdan o‘rgana boshladi va 2019 yilda terma jamoa a’zosiga aylandi.
Mamlakat miqyosidagi musobaqalarda va terma jamoa bosh murabbiyi Bobur Qo‘ziyev qo‘l ostidagi mashg‘ulotlarda toblangan A.Toshtemirov 2022 yilda Eronda o‘zining ilk xalqaro miqyosidagi yutug‘iga erishdi. Sportchimiz ushbu musobaqada kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, paralimpiyachimiz bugunga qadar Angliyada o‘tgan Yevropa chempionatida, Livan mezbonligidagi Osiyo chempionatida, Meksikada tashkil etilgan jahon chempionatida oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Xitoyning Xanchjou shahrida 2023 yilning 22-28 oktyabr kunlari o‘tkazilgan IV Paraosiyo o‘yinlarida esa delegatsiyamiz hisobiga bronza medalini keltirdi.
– Asadbek bizning qo‘l ostimizda shug‘ullanguncha para taekvondoning ilk ko‘nikmalarini yaxshi o‘zlashtirgan edi va terma jamoaga kelgan kunidan boshlab, o‘z ustida tinimsiz mehnat qilib kelmoqda, – deydi para taekvondo bo‘yicha terma jamoa bosh murabbiyi Bobur Qo‘ziyev. – Uning iqtidori ancha yuqori va u hali ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kirita oladi. Umid qilamanki, “Parij-2024″ Paralimpiya o‘yinlarida ham mamlakatimiz sharafini munosib himoya qiladi.
Joriy yilning yanvar oyida Butunjahon taekvondo federatsiyasi “Parij-2024″ yozgi Paralimpiya o‘yinlariga litsenziya beruvchi reytingni e’lon qildi. Quvonarlisi, yakuniy reyting natijalariga ko‘ra, ilk bor 5 nafar para taekvondochimiz reyting orqali Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ular orasida esa Asad Toshtemirov 80 kilogrammgacha bo‘lgan para taekvondochilar o‘rtasida mamlakatmiz sharafini himoya qiladigan bo‘ldi.
Asadbek, hozirda davlatimiz rahbarining “2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori asosida Paralimpiya o‘yinlariga terma jamoamiz bilan shug‘ullanmoqda.
– Davlatimiz tomonidan biz sportchilarga mashg‘ulotlarda qatnashish, musobaqalarda ishtirok etib, munosib natijalarga erishish borasida barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. O‘tgan yillar davomida bir qator xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan xalqaro turnirlarda, chempionatlarda ishtirok etdik. Yuksak natijalarga erishdik. Eng muhimi, yil davomida uzluksiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida qatnashmoqdamiz. Ushbu mashg‘ulotlar samarasini o‘tgan musobaqalarda erishgan muvaffaqiyatlarimizda ko‘rishingiz mumkin. O‘ylaymanki, bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikka Paralimpiya o‘yinlaridagi g‘alabalarimiz bilan javob qaytaramiz, – dedi para taekvondo bo‘yicha qit’a va jahon chempioni, Osiyo o‘yinlar g‘olibi va sovrindori Asad Toshtemirov.
Darhaqiqat, mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, bilim olishi, salomatligini mustahkamlashi, o‘z qiziqish va intilishiga mos kasb-hunar egallashi, sport bilan shug‘ullanishi, xalqaro maydonlarda matonatini, irodasini, jasoratini ko‘rsatishini ta’minlash doimiy e’tiborda.
Qisqa qilib aytganda, paralimpiyachilarimiz “Parij-2022″ Paralimpiya o‘yinlarida o‘z mahorati, matonati va shijoatini to‘la namoyon etib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qiladi. Zero, iroda va matonat timsoli bo‘lgan sportchilarimizga yaratilayotgan sharoit, jismoniy tarbiya va sportning yanada ommalashishi borasida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar yutuqlar salmog‘i yuksak bo‘lishiga zamin yaratishi tayin.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA