Poytaximizda og‘ir atletika bo‘yicha boshlanayotgan Osiyo chempionati oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida musobaqa tartibi, Parij-2024 Olimpiadsiga taqdim etiladigan reyting ballari xususida so‘z bordi.
Anjumanda ishtirok etgan Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi bosh kotibi Muhammad Al Xarbi va bir qator davlatlarning og‘ir atletika federatsiyasi vakillari jurnalistlarning savollariga javob berish asnosida musobaqalarda qit’aning 34 ta mamlakatidan 239 nafar sportchisi ishtirok etish uchun talabnomalarni taqdim etganligi, ular Toshkentga yetib kelganligi ma’lum qilindi.
Shuningdek, musobaqaning ahamiyati, jamoalarning tayyorgarligi haqida fikrlar aytilib, qit’a chempionatida yurtimiz sharafini himoya qiladigan terma jamoamizning imkoniyatlari borasida ham to‘xtalib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, qit’a chempionatida munosib o‘rinlarni egallashni maqsad qilgan mamlakatimiz erkaklar terma jamoasi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini Ozarbayjonning Boku shahrida, qizlar jamoasi esa Chirchiqdagi sport bazasida olib borishdi.
Aytish lozim, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga qimmatli reyting ochkolarini taqdim etadigan qit’a chempionati dasturiga binoan musobaqaning ilk kungi bahslari 3 fevraldan boshlanadi. Shu kuni milliy terma jamoamiz a’zosi Munisa Odilova 45 kilogramm vaznning “A” guruhidagi bellashuvlarga kirishadi.
Shuningdek, chempionat dasturiga ko‘ra, 4 fevral kuni 49 kilgrammda Jamila Panfilova va 61 kilogrammda Adhamjon Ergashev, 5 fevralda 59 kilogrammda Lyudmila Elefteriadi va Nigora Abdullayeva, 67 kilogrammda Diyorbek Ro‘zmetov, 6 fevralda Ozoda Hojiyeva va Shahnoza Jabborova (64), Mashhura Rustamova(71), Muhammadqodir Toshtemirov va Doston Yoqubov(73), 8 fevralda Nursulton Esbergenov va Sarvarbek Zafarjonov (89), Rigina Adashboyeva(81), 9 fevralda Nigora Suvonova(87), Tursunoy Jabborova(+87), Akbar Jo‘rayev(102), 10 fevralda Ruslan Nurudinov va Sharofiddin Amriddinov (109 hamda Rustam Jangaboyev(+109) ning supachaga ko‘tarilishi bilan qit’a chempiontiga yakun yasaladi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda o‘tadigan chempionat doirasida Osiyo og‘ir atletika federatsiyasining navbatdagi kongress yig‘ilishi tashkil etilib, unda og‘ir atletikaning qit’adagi rivoji borasida muhim qarorlar qabul qilinadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA