So‘nggi haftalarda Xitoyda noma’lum virus tufayli bolalar o‘rtasida zotiljam (pnevmoniya) kasalligiga chalinish holatlari keskin ko‘paygani haqida xabarlar tarqalayotgandi.
Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasiga rasmiy so‘rov yo‘lladi.
JSSTning mas’ul vakili Mariya Van Kerxove xastalik o‘choqlari yuzasidan taqdim etilgan ma’lumotlarni tahlil qilar ekan, Xitoyda bolalar o‘rtasida pnevmoniya bilan kasallanish holatlari ko‘payishiga sabab bo‘lgan noodatiy yoki yangi patogenlar aniqlanmaganini ta’kidladi.
Mutaxassis xulosasiga ko‘ra, nafas olish yo‘llari xastaliklari ko‘payishi mamlakatda COVID-19 cheklovlari bekor qilinishi hamda mavjud infeksiyalarning mavsumiy qo‘zg‘alishi bilan bog‘liq.
Shunga qaramay, hozirgi epidemiya 2018-2019 yillardagi singari o‘tkir bosqichda emas. O‘z navbatida, yangi turdagi virus o‘choqlari paydo bo‘lishiga aloqador alomatlar qayd etilgani yo‘q.
Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi vakili Mi Fenning bayonoti ham shu mazmunda bo‘ldi. Qayd etilishicha, mamlakatda o‘tkir respirator kasalliklarning kuchayishi bir vaqtning o‘zida bir necha turdagi patogenlar sirkulyatsiyasi bilan bog‘liq. Ular orasida asosiysi grippdir.
O‘zA