Janubiy Koreyaning “Ryonxap” agentligi KXDR hukumati ma’lumotiga tayanib yozishicha, Pxenyan razvedka yo‘ldoshini yangi raketada muvaffaqiyat bilan orbitaga olib chiqdi. Shuningdek, xabarda tez orada yana bir necha yo‘ldosh uchirilishi ham ma’lum qilingan.

Shimoliy Koreyaning josus-yo‘ldosh uchirilishi xususidagi bayonoti, shubhasiz, janubliklarni jiddiy xavotirga solmoqda. Masalan, Janubiy Koreya milliy xavfsizlik kengashi bayonotida aytilishicha, Koreya Respublikasi keskinlikni yumshatish uchun  shimol bilan muloqotga doim ochiq, shu bilan birga Yun Sok Yol hukumati birinchi navbatda odamlar xavfsizligini ustuvor bilib, kuchli mudofaa tizimi yordamida Shimoliy Koreyaning har qanday buzg‘unchilik harakatiga jiddiy javob qaytaradi. Endi ikki Koreya orasidagi harbiy kelishuv taqdiri KXDRga bog‘liq.

Hafta o‘rtasida KXDR “Malligyon-1” harbiy josus-yo‘ldoshini orbitaga muvaffaqiyatli olib chiqqanini e’lon qildi: qurilma “Chxollima-1” raketa tashuvchida koinotga olib chiqilgan.

Avvalroq Janubiy Koreya shimolliklarning josus-yo‘ldosh uchirishiga javoban, 2018 yil 19 sentyabrda ikki mamlakat o‘rtasida erishilgan harbiy kelishuv ayrim bandlari amaliyotini to‘xtatishga qaror qilganini bildirgan. Mazkur qarorga muvofiq, janubliklar harbiy-demarkatsiya chizig‘i hududida razvedka faoliyatini qayta tiklaydi.

Yaqinda Shimoliy Koreya orbitaga josus-yo‘ldosh olib chiqishi munosabati bilan AQSH, Yaponiya va Janubiy Koreya rasmiylari uchrashuv o‘tkazdi. Ular ushbu harakat mintaqada keskinlikni kuchaytirishga qaratilganini bir ovozdan ta’kidlagan.

Shimoliklar amalga oshirgan navbatdagi sinov parvozi BMT Bosh kotibi tomonidan ham keskin qoralandi.

Bosh kotib Antoniu Guterrish KXDR harbiy josus-yo‘ldoshni koinotga olib chiqishini BMT Xavfsizlik Kengashida qabul qilingan rezolyutsiyaga zid harakat, deya baholagan.

Bosh kotib yana bir bor KXDRni xalqaro majburiyatni bajarish va muloqotga qaytishga chaqirgan.

KXDR o‘tgan yil “yadroviy kuch sohasida olib boriladigan siyosat” to‘g‘risida qonun qabul qilgan edi. Joriy yil sentyabrda esa yadro quroli bo‘yicha band mamlakat konstitutsiyasiga ham kiritildi. Janubliklar bunday munosabatni Seulga nisbatan ochiq yadroviy tahdid sifatida baholayapti va shubhasiz,  shunga munosib ravishda javob choralari ko‘rilishini bayon qilmoqda.

S.Rahimov,

O‘zA