XAMAS tarqatgan xabarga ko‘ra, garovda ushlab turilgan 50 nafar isroillikni 150 nafar falastinlikka almashish evaziga harbiy harakatni to‘rt kun to‘xtatib turish bo‘yicha gumanitar yarashuvga erishilgan. Bundan tashqari tomonlar G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazilishi masalasida ham bir to‘xtamga kelgan.
Kelishuvga to‘rt kunlik gumanitar yarashuv payti falastinliklar G‘azo shimolidan janubga erkin harakat qilishi ta’minlanishi bandi ham kiritildi. Hozircha muzokarada erishilgan natija shu, deyilgan ijtimoiy tarmoqda.
Bu vaqtda Isroil armiyasi G‘azo sektoriga hujum uyushtirmaydi, hibsga olish amaliyotini ham to‘xtatib turadi. Sektor shimolidagi oddiy aholi hech qanday to‘siqsiz “Saloh-id-Din” katta yo‘li orqali harakatlanishi mumkin.
Isroil 24 soat ichida XAMAS bilan kelishuv doirasida ozod etiladigan falastinlik mahbuslar ismi-sharifini e’lon qilishi kerak. Bundan ko‘zlangan maqsad Isroil fuqarolari ushbu qarordan shikoyat qilib, sudga murojaat qilishiga imkon berish, deb yozgan “Axios” portali.
XAMAS gumanitar tanaffus chog‘ida birinchi bo‘lib ayollar va bolalarni ozod qiladi, deb yozdi Isroil Vazirlar Mahkamasi ma’lumotiga tayangan “Associated Press” agentligi.
Avvalroq “Haaretz” nashri Isroil tomoni XAMAS bilan kelishuv ma’qullangani haqida xabar bergan edi.
XAMAS, taxminan, 240 kishini garovga olgan. Ta’kidlanishicha, ozod etilgan har o‘n asir evaziga tanaffus davrini yana bir kundan cho‘zish rejalashtirilmoqda.
Qatar Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, insonparvarlik tanaffusi qachon boshlanishi 24 soat davomida ma’lum qilinadi. Har ikki tomondan ozod qilinishi ko‘zda tutilgan odamlar soni kelishuvning navbatdagi bosqichida ortishi mumkin.
AQSH Prezidenti Jo Bayden Misr, Qatar va Isroil yetakchilari bilan birga Isroil va XAMAS harakati o‘rtasida asirlarni ozod qilish bo‘yicha erishilgan kelishuvni to‘liq amalga oshirishni ta’minlash ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi. U uch davlat yetakchilariga bitim imzolashga erishilgani uchun minnatdorlik bildirgan.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an iqtisodi kuchli mamlakatlarni G‘azoni tiklash jamg‘armasiga yordam berishga chaqirdi. Mazkur jamg‘arma yaqinda Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Islom hamkorligi tashkiloti (IHT) sammiti doirasida tashkil etildi.
“Hurriyet” gazetasi Erdog‘anning Jazoirda bo‘lib o‘tgan biznes-anjumandagi chiqishidan shunday iqtibos keltirgan:
– G‘azoni tiklash uchun barcha chorani ko‘ramiz. Salmoqli hamyonga ega mamlakatlarga murojaat qilaman: ular G‘azoga yordam ko‘rsatishi kerak. Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan konferensiyada jamg‘arma tashkil etilishini qo‘llab-quvvatladik. Biz Isroil olib borayotgan siyosat bilan murosa qila olmaymiz.
Kuzatuvchilar to‘rt kunlik tanaffusni uzoqroq muddatga cho‘zish imkoni bor, demoqda. Faqat buning uchun xalqaro hamjamiyat g‘arbga va sharqqa bo‘linmasdan, bir yoqadan bosh chiqarib, Falastin – Isroil ziddiyati bilan bog‘liq muammo yechimini topishga intilishi kerak. Yechim esa BMT XK qarorida ko‘rsatilganidek, ikki davlat tamoyiliga asoslanishi kerak.
S.Rahimov, O‘zA